Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tovarlar eksportini rag`batlantirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida» 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-sonli Farmoni talablariga ko`ra O`zbekiston Respublikasi xududiga maxsus ruxsatnomasiz qurol yarog`, o`q-dori va ularning qismlarini olib kirish taqiqlangan.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G`ishtko`prik” chegara-bojxona kompleksida qo`shni davlatdan kirib kelgan fuqaro S.Alimardonov bojxona nazoratidan chetlab o`tib, 39 dona bo`sh gilzalar, 198 dona elim gilza pistonlari, 57 dona elim gilzalar va boshqa moslamalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringan paytda to`xtatib qolindi, deya xabar qildi Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamiz bojxona chegaralari orqali qurol-yarog`, o`qotar qurol va o`q dorilarni kontrabanda qilish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, qurol va o`q dorilarni noqonuniy ravishda saqlash jarima, qamoq yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Modomiki, shaxs ushbu buyumlarni o`z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Ta`kidlab o`tish joizki, joriy yilning o`tgan 7 oyi davomida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 74 ta qonunbuzarlik holatlarida 31 ta ovchilik quroli, 12 dona o`qotar qurol, 621 dona patron, 4,5 ming donadan ortiq kapsula, 1700 donadan ortiq gilzalar huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo`yilgan.






