AsosiyShou-biznes

ANVAR MADRAIMOV: "MAQSADIM DUNYo TALABIGA JAVOB BERADIGAN FILM IShLASh!"

'ANVAR MADRAIMOV: "MAQSADIM DUNYo TALABIGA JAVOB BERADIGAN FILM IShLASh!"'ning rasmi

10-19 avgust kunlari Amerika Qo`shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida an`anaviy “Holly Shorts” qisqa metrajli filmlar festivali bo`lib o`tdi. Unda butun dunyo kinoijod­korlari 30 dan ortiq yo`nalish bo`yicha 40 daqiqali va undan ham kamroq hajmli badiiy filmlari bilan ishtirok etishdi. Mazkur festivalda o`zbekistonlik yosh rejissyor Anvarjon Madraimov ham qatnashdi va 20 daqiqali “Tug`ilgan kun otkritkasi” (“A Birthday Card”) filmi bilan “Best Youth” (“Yoshlik yo`nalishi bo`yicha eng yaxshi film”) nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Nyu-York kinoakademiyasida tahsil olayotgan Anvarni tabriklash maqsadida u bilan bog`landik...

— Anvar, avvalo g`alaba bilan tabriklaymiz!

— Katta rahmat, juda xursand bo`ldim! Mazkur kichik yutug`im eng ulug` bayramimiz — Mustaqilligimizning 26 yilligi uchun tuhfa bo`lganidan boshim ko`kka etdi.

— Nega aynan bu mavzuga qo`l urdingiz?

— Boisi “abort” xalqaro miqyosdagi dolzarb mavzu. Gohida mavjud vaziyat, ruhiy kemtik­lik ikki tanlov orasida turgan kishi uchun noto`g`ri qaror chiqarib qo`yadi. Filmda yoritilgan falsafiy fikrlardan xulosa chiqarish esa tomoshabin izmida.

— Yosh rejissyor sifatida aktyorlar bilan ishlash qiyin kechmadimi?

— Aktyorning ishonchini qozona olish bu — rejissyorning asosiy vazifasi. Yo`qsa, ular ijodkor sifatida yuz foizli imkoniyatini yuzaga chiqarmaydi. Ishning to`g`ri yo`lga qo`yilgani ham aktyordagi rejissyorga bo`lgan ishonchni ta`minlaydi. Ustozlarim bergan saboq va juda ko`p kitob o`qiganim ham bu borada yaqindan ko`mak berdi. Film 4 kun suratga olingan bo`lsa-da, tayyorgarlik jarayoniga 3 oy sarflaganmiz. Bu kinokartinaning poydevori mustahkam bo`lishiga xizmat qiladi.

— Hakamlar hay`ati 65 davlatdan tashrif buyurgan qat­nash­chi­lar­ning 4 mingga yaqin ishini ko`rib chiqqanida 400 ta tanlab olinganlar ro`yxatidan joy olishingizga ishonganmidingiz, g`olib bo`lishingizga-chi?

— Saralash jarayonida 200 tagina qisqa metrajli film­larni ko`rdim. Orasida mazmunli kinokartinalar etarli edi. Do`stlarim mening filmimni ham maqtashdi, xursand bo`ldim. Lekin g`oliblik xayolimga ham kelmagandi. Rosti, ism-sharifim e`lon qilinganida hayron bo`ldim. Xursand bo`lgan jihatim esa meni “Eng zo`r yosh kinematografiyachi”, deya e`tirof etishdi. Bugungi kunda kino bilan shug`ullanayotganlar juda ko`p, raqobat ham shunga yarasha, ayniqsa Amerikada. Men ham aynan raqobat kuchli davlatda o`zbek farzandi sifatida yutuqqa erishganimdan quvondim.

— Asli rejissyorlik sohasiga qiziqish uyg`onishiga nima turtki bo`ldi?

— Bolaligimda bir vaqtning o`zida rasm chizish to`garagi va musiqa maktabiga borardim. Asarlarimda qandaydir voqelikni aks ettirishga urinardim. Biroq birgina rasmda yoritmoqchi bo`lgan mavzumni sig`dirolmasligim turgan gap edi. Shu jarayonda eng munosib yo`nalish bu — film, degan qarorga kelganman. Ota-onamni meni Amerikaga yuborishlariga ko`ndirdim. “Kino sohasida qaysi institut mukammal ta`lim berarkin?” degan savol bilan ko`p izlandim va Nyu-York kino akademiyasi bu sohani “nol”dan o`rgatishini aytishdi va shu tanlovda to`xtaldim.

— Demak, Toshkentda kino sohasi bo`yicha o`qimagansiz?

— Jahon iqtisodiyoti va dip­lomatiya universiteti qoshidagi gimnaziyada, undan so`ng Turin politexnika universiteti qoshidagi liseyda tahsil olganman.

— Nyu-York kinoakademiya­sida tahsil olishdan maqsad qiziqish ustunligimi yo Vatan oldidagi farzandlik burchini ado etish?

— O`rinli savol! Kino sohasida O`zbekistonda ham tahsil olsa bo`ladi. Lekin Los-Anjeles kinematografiyaning yuragi. Maqsadim dunyo talabiga javob beradigan film ishlash sirlarini o`rga­nib, o`z yurtimizdagi kino rivojiga yanada munosib, sezilarli darajada hissa qo`shish. Ta­ri­ximiz, ma­da­niya­ti­­miz juda boy. Shunday ekan, shonli o`t­mi­shi­mizni butun ­dunyoga munosib ravishda ko`r­satish bizning qo`­li­mizda. Nyu-York kinoakademiyasining kinematografiya fakultetida har bir rejissyor bilishi shart bo`lgan montaj, dublyaj, ovoz yozish kabi ko`plab yo`na­lishlarda saboq beriladi. Lekin ssenariy yozish va rejissura darslari ko`proq o`qitiladi.

— Toshkentga qaytgach, aynan qaysi tarixiy siymolarimiz haqida film­lar suratga ol­moq­chi­siz?

— Aslida triller, drama, tragediya janrlarida ijod qilishni yoqtiraman. Kareramni ham aynan shu janrlarda yaratmoqchiman. Komediyada zinhor ishlamayman. Savolga aniq javob bersam, bizda Amir Temur, Ulug`bek, Ibn Sino kabi tarixiy shaxslarimiz, To`marisdek jasorat egalari etarli. Filmlarimda hech kimda yo`q madaniya­timiz, o`zbek taomlari, tanti o`zbek xalqining mehri daryoligini aynan tarix va yuqorida sanagan tarixiy siymolarim orqali yoritishni reja qildim. O`zim xorijda bo`lsam-da, yurtimizdagi kinoga doir jarayonlarni muntazam kuzatib boryapman. Prezidentimizning 7 avgust kuni qabul qilingan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarorini o`qib, juda quvondim. Mazkur qaror madaniyat va san`at, xususan, milliy kinematografiya sohasida ulkan voqea bo`ldi. Shu ma`noda yuqorida ta`kidlaganimdek, kinoijod­kor aniq ijodiy rejasini belgilab olishi, yangicha ishtiyoq bilan ishlashi shart va bu ham qarz, ham farz.

FAKT:

● Anvar Madrai­mov 1995 yilning 27 fevralida Toshkent shahrida tavallud topgan.

● 2013 yildan beri Nyu-York kinoakademiyasida tahsil oladi.

Film haqida:

Ikki farzandi bor film bosh qahramoni oldida rejalashtirilmagan homilani dunyoga keltirish yoki undan voz kechish masalasi turibdi. Ayol “abort” qilish kunini belgilaydi, bir kun avval esa tug`ilgan kuni. Ayolning turmush o`rtog`i va bolalar birgalikda uning tug`ilgan kuniga “otkritka” tayyorlashadi. Baxtli to`laqonli oila aks etgan aynan shu sovg`a ayolning to`g`ri tanlov qabul qilishiga sabab bo`ladi.

O`ziga xos dalillar:

● Ssenariy muallifi Anvar Madraimov. Ingliz tilidagi ssenariyni takomillashtirish uchun qo`shimcha muallif taklif qilingan.

● Montajga 4 oy, dublyaj ishlariga 4 oy vaqt ketdi.

● Jami ijodiy guruh a`zolari soni: 30 ga yaqin, aktyorlar 5 ta.


Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar