Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida” Farmon imzoladi.
Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan Farmon 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi hamda mohiyatiga ko`ra O`zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib beradi.
O`zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar konsepsiyasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta asosiy yo`nalishi belgilab berildi.
Birinchi yo`nalish ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institusional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga bag`ishlangan.
Ikkinchi yo`nalish ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.
Uchinchi yo`nalish iqtisodiyot tarmoqlariga ma`muriy ta`sirni qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish hisoblanadi.
To`rtinchi yo`nalishda vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Beshinchi yo`nalish davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovasion g`oyalar, ishlanma va texnologiyalarni joriy etish bo`yicha chora-tadbirlarni o`z ichiga olgan.
Va nihoyat, so`nggi oltinchi yo`nalishda professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta`sirchan mexanizmlarini o`rnatish belgilangan.
Bundan tashqari, Farmon bilan O`zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar konsepsiyasi normalarini amaliy ro`yobga chiqarish bo`yicha 40 dan ortiq aniq tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Farmonning to`liq matni va unga sharh O`zAda keltirilgan.