— Prezidentimiz O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida estrada san`atini tanqid qilganlarida ustoz va ustazoda san`atkor sifatida aybdorlik hissini tuydingizmi?
— 3 avgustdagi yig`ilish bu – tarixiy uchrashuv va barcha sohalar bo`yicha tarixiy burilish bo`ldi. Yuqori samimiyatda o`tgan uchrashuvda sohadagi kamchiliklarni kuyunchaklik bilan gapirish barobarida aniq taklif, maslahat va echim ham topib berdilar. Ochig`i, tanqidlar shu qadar o`rinli va o`z vaqtida bildirildi. Uchrashuvlarda biz ijodkorlar ham sohamizdagi kamchiliklarni tan olib, ularni tuzatish kerakligini ko`p gapiramiz. Atrofdagilardan “Qachon so`z amalga ko`chadi?” degan fikrlarni ham eshitamiz. Savollar ko`p, javoblar esa jiddiy tizimli ishlar natijasida topiladi. Nasib bo`lsa, amaliy ishlar bo`yicha rejali ishni yo`lga qo`yishni boshladik.
— 2002 yildan 2004 yilgacha O`zbekiston Madaniyat vaziri o`rinbosari lavozimida ishlagansiz. Vazifangizdan ozod etishlarini so`rab, ijod bilan shug`ullanishni afzal ko`rdingiz. Prezidentimiz bilan bo`lgan uchrashuvda esa O`zbekiston xalq artistlarining har biriga bittadan san`at kolleji yo musiqa maktablariga borib rahbarlik qilish, yuzlab shogirdlar etishtirish topshirildi...
— Bilasizmi, ma`lum bir marraga erishgan ijodkor doim ham pedagog bo`lavermaydi, bu juda katta mas`uliyatli soha. Direktor emas, badiiy rahbar bo`lishim mumkin. Ochig`i, Prezidentimiz menga yuzlanganlarida biroz o`zimni yo`qotib qo`ydim. 50-yillarning oxirida boshqa san`atkorlar qatori akam Botir Zokirov ham professional estrada poydevorining asoschilaridan bo`lgan. Ming afsus, estrada keyinchalik u qadar rivojlanmadi. Estrada o`ta mas`uliyatli yo`nalish, boisi uning auditoriyasi juda keng. Bu yo`nalishni shartli ravishda yuksak mas`uliyatli minbar, deb atasa bo`ladi. Afsuski, bugungi estrada xonandalari o`ziga “Shu “minbar”ga chiqib, qanday qo`shiq kuylayapman, mazmuni, g`oya va saviyasi qanday, mahoratim-chi?” degan savolni bermayapti. To`g`ri, shou-biznesning “qo`shiq sho`x, eshituvchining tez yodida qoladigan bo`lishi kerak”, degan yozilmagan qonunlari bor. Biroq har bir xonanda zimmasidagi mas`uliyat chegarasidan o`tmasligi shart! Bu jarayonda asosiy g`oyani amalga oshirish xalq artistlarining vazifasi. Shogirdlarga talabchanligim buyuk siymolar, qadriyatlarni singdirishdan iborat bo`ladi. Buning uchun albatta ilm olish shart! Oldimga iste`dodli yosh “Qo`shiq kuylamoqchiman”, deb kelsa, “Albatta, musiqiy ta`lim oling”, deb qat`iy talab qo`yaman. Agar “O`zbekiston Davlat konservatoriyasini tamomladim, ko`mak bering”, deya murojaat qilsa, bajonidil ustozlik qilaman!
— Zokirovlar sulolasi davomchisi sifatida allaqachon Zokirovlar maktabini tashkil qilishingiz o`rinli bo`lmasmidi? Prezidentimizning ta`biri bilan aytsak, agar iste`dod va mahoratimizni shu muqaddas zamin, shu oliyjanob xalqimiz uchun safarbar etmasak, hazrat Navoiy ta`biri bilan aytsak, bu hunarni asrab nima qilamiz, qaerga olib ketamiz uni?
— Juda nozik savol. Albatta, vaqti keldi, lekin bu haqda jamoat, jurnalistlar taklif berishi kerak. O`zimning ham takliflarim bor, lekin tashabbus mendan chiqishi nokamtarlik bo`ladi-da. Zokirovlar oilasida ettita yuksak unvon egalari bor, ulardan to`rttasi O`zbekiston xalq artisti, bu – katta baxt! Aytmoqchi bo`lganim, ham estrada, ham kino, ham rassomlikni o`ziga qamrab olgan ijodiy markaz tashkil qilish mumkin. Bu borada Zokirovlarning tajribasi etarli. Yosh avlodning hammasi ham ustoz san`atkorlarni bilavermaydi. Ularning xotirasini abadiylashtirish kerak.
— Eshitishimcha, me`mor Aleksandr Kuranov loyihasi asosida Botir Zokirov qo`shiqlaridagi lirikani eslatuvchi oq marmar va egiluvchan shakllar omuxtaligida “Zokirovlar san`at uyi” me`moriy loyihasi eskizi tayyor bo`libdi...
— Bu haqda men amerikaliklardan eshitdim. To`g`ri, loyiha eskizini ko`rdim, juda chiroyli. Lekin uni tashkil qilish uchun mablag`im yo`q.
— Kuni kecha “Xalq artistlari klubi”ga rais etib tayinlandingiz. Ikki karra mas`uliyatning yaqin kunlardagi natijalari ham qiziq...
— Yosh xonandalar bilan yig`ilib, “ommaga o`zimizning o`zbek san`atini munosib ravishda ko`rsataylik”, degan mavzuda samimiy suhbatlar tashkil qilamiz. Katta hayotiy tajriba egalari sifatida yo`l qo`ygan xatolarimizni yoshlar takrorlamasligi uchun misollar bilan fikrlashamiz. Asosiysi, bu uchrashuvlar rasmiy emas, samimiy ruhda bo`lishi kerak. Bilasizmi, estrada janrida ustoz ko`rmasdan yutuqqa erishish bu – afsona. Qanday kuchli iste`dod egasi bo`lmasin, “maktab” ko`rmasa bari bir pul. Ustoz ko`rmay ko`zga ko`ringanlarning ijodiy “umr”i esa qisqa. Masalan, to`ylarimizni olaylik, muallif sifatida “Kelibdi” qo`shig`ini kuylashlaridan xursand bo`laman. Lekin “Yor-yor”, “To`ylar muborak” kabi xalq asarlari kuylanmasligidan afsusdaman. Kelin-kuyov xorijning tragik qo`shig`iga ilk oilaviy raqsini ijro etadi, bu nima degan gap? Karnay-surnaychilarning xorij musiqalarini chalishi ham dahshat-ku! To`g`ri, xorijdan faqat yaxshi namunalarni olishimiz kerak. Lekin o`zimizning betakror qadriyat, udumlarimiz etarli-ku. Faqat ularni tiklash uchun harakatni boshlash kerak.
— To`ylarda xonandalarimiz to`rtta fonogrammaga og`iz qimirlatgani uchun haq olishi o`rinlimi?
— To`g`ri, to`y shou-biznesning “bozori” bo`lib qoldi. Lekin to`y egasi fonogrammada “kuylaydigan” xonandalarni chaqirmasin, dabdabali to`y qilmasin! Yoki to`y egalari “Faqat jonli kuylaysan!” deb xonandalarni tarbiyalashi kerak. Masalan, men ijod qilmay, uyda daromad olib o`tirishim kerak. Boisi, to`ylarda 30 foiz mening qo`shiqlarimni kuylashadi. Bu masalada dodimni kimga aytay?
— Buning uchun O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi talab darajasida ishlashi kerak-da!
— Haqsiz! Ba`zi “xonandalar” bor, qo`shig`imni qo`yib, shunchaki og`iz qimirlatib turadi. Farrux Zokirovning ovoziga og`iz qimirlatishga qanday vijdoni yo`l qo`yadi? Bu savollar ochiq qolyapti.
— Shunday “xonandalar”ga “O`zbekkonsert” davlat muassasasi lisenziya beryapti-ku?
— To`g`ri, “O`zbekkonsert”da ham kamchiliklar etarlicha. Lisenziya bu – mablag`... Kechirasiz-ku, bu tashkilotni tuzishdan maqsad, yosh estrada xonandalariga yordam qo`lini cho`zib, talabga javob beradigan darajaga etganidan so`nggina lisenziya berish edi. Bilasizmi, xalq artisti unvoniga ega san`atkorlarning lisenziya to`lovi eng yuqorisi. Nega?! Unvon berilgani bu – ishonch-ku! Vaholanki, aksincha bo`lishi kerak. Shunda yoshlarda “Men ham ustoz san`atkorlar darajasiga etay, rag`batlarga ega bo`lay”, degan intilish paydo bo`ladi. Azamat Haydarov “O`zbekkonsert”ga rahbar sifatida qaytdi. Kamchiliklar endi hal bo`lishiga ishonaman.
— Bugun estrada necha foiz tadbirkorlik bo`lib qoldi?
— Haqsiz, tadbirkorlikka yuqori urg`u berilyapti. Xonandalarning ham oilasi bor, daromadi esa faqat to`ylardan, lisenziya qimmat bo`lsa. Yaqinda Ozodbek Nazarbekov “Tashkilotlar o`tkazadigan tadbirlarning byudjeti bo`lishi kerak”, deb o`rinli fikr aytgandi. Tashkilotchilar “Bu tadbirlarda ishtirok etishning o`zi sharaf”, deyishadi. Lekin tadbirning oshpazi, boshqa xodimlariga haq to`lanadi-ku, san`atkorlar-chi? Ajratish bu – mutlaqo noto`g`ri! Professional san`atkorlar mehnatiga yarasha xizmat haqini olishi kerak. Uning tirikchiligi shundan, axir.
— Shou-biznes qachon san`at darajasiga etadi?
— Juda jiddiy masalalarni o`rtaga tashlayapsiz. Masalan, ustoz san`atkorlar o`sha darajaga etishi uchun qancha-qancha mashaqqatli yo`lni bosib o`tgan. Eng asosiy vazifa – yoshlar faqat va faqat o`qishi kerak. Xudo bergan iste`dodning o`zigagina ishonib qolib bo`lmaydi. Sira yodimdan chiqmaydi, akam Botir Zokirovga “Aka, orkestrning rahbarisiz, men ham orkestr jo`rligida qo`shiq kuylay”, deganimda, “Uka, o`pkangizni bosib oling! Bu sharafga ega bo`lish uchun avval munosib bo`lish kerak”, degan. To`g`ri, o`shanda ranjiganman, lekin aqlimni tanigach, o`z vaqtida to`g`ri berilgan tanbehdan xursand bo`lganman.
— Bugun jonli ijroda konsert berish qahramonlik bo`lib qoldi. Xonandalar kasbiy vazifasini tushunib etishi uchun “Istiqlol” san`at saroyini ularga bo`shatib bermaslik yuzasidan qat`iy choralar belgilash o`rinli emasmi?
— To`g`ri, o`rinli. Lekin asosiy muammo bunda emas, nazarimda. Masalaning ikkinchi tarafi, tanlov konsertga boradigan tomoshabinning o`z qo`lida. Konsert zal to`lmasa, o`sha “xonanda”lar o`z-o`zidan g`alvirdan tushib qolaveradi.
Biroq bu masala ham moddiy manfaatga borib taqaladi. Bu esa yosh xonandalarda “Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullaeva kabi ustoz san`atkorlar darajasiga etsam, shu konsert zalda qo`shiq kuylasam”, degan intilishni yo`qotib qo`yyapti. Bu jarayonda yosh ijrochilar kimning avlodi ekani haqida fikrlasin. Shundagina saviya uchun harakat o`zgacha bo`ladi va past darajada yurishni o`ziga ep ko`rmaydi. Yo`qsa rivojlanishdan ancha yillar ortda qolamiz.
— Estrada yo`nalishi 50 foiz san`at bilimini egallamaganlar bilan to`lgani ham hech kimga sir emas. Bu jarayonni to`g`rilashda sizning xizmatingiz qanday bo`ladi?
— To`g`ri, jamoat ishlarini zimmamizga olishimiz kerak. Prezidentimizning e`tiboriga yarasha javob qaytarishimiz lozim, axir qars ikki qo`ldan chiqadi. Prezidentimiz to`g`ri ta`kidladilar, bugun amalda ishlamasak, ertaga kech bo`ladi. Ikkita katta bayram tadbirlarini o`tkazib oldik, endi aniq rejalar bilan ishlashga kirishamiz.
— Yurtboshimiz o`z tajribasidan kelib chiqib, katta bayramlarni o`tkazishda xunobni chiqaradigan estrada dasturi ekanini aytdilar. “O`zbekkonsert”dagi yig`ilishda ham madaniyat vaziri “Sharq taronalari” va Mustaqillik bayramini o`tkazishda “pichoqqa ilinadigan” estrada xonandalarini topolmaganini ochiq aytdi. Unvonlarga ega, biroq bayram uchun ikkitagina qo`shiq taqdim etolmaydigan xonandalarga keskin choralar qo`llashning allaqachon vaqti kelmadimikan?
— Ijod bu – duradgorlik emas-da, u er-bu erini to`g`rilab taqdim qilinsa. To`g`ri, hafsala, mas`uliyat bo`lishi kerak. Lekin ijod goh bir kechada, goh yillar davomida tayyor bo`ladigan sohada. Agar yaxshi rag`bat, gonorar e`lon qilishsa, balki shunga qarab intilish bo`lar.
— Yig`ilishda “xalq artisti” degan unvonga ega bo`lish uchun ijodkor necha o`n yillar samarali ijod qilishi talab etilgani xususida so`z yuritildi. O`zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov hamda Gulsanam Mamazoitova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Kumush Razzoqova va Dilnoza Ismiyaminova. Bir vaqtning o`zida etti davlatning xalq artisti sifatida quloqqa qanday eshitilyapti, hazm qilish qiyin emasmi?
— Qiyin savol. Bilasizmi, bu holatni ijodiy omad, desak o`rinli bo`lardi. Iste`dod yosh bilan belgilanmasa kerak, nazarimda. Lekin bu yuksak unvonlar qadrini ko`tarish uchun munosib xizmat qilib qo`yish kerak. Prezidentimiz ham bejiz ustoz san`atkor Tavakkal Qodirovni misol keltirmadilar-ku.
— Efirga berilayotgan G`arbga taqlid sezilib turadigan “ijod namunalari”ni ko`rib, televizorni o`chirib qo`ya qolasizmi yo o`sha xonandaga qo`ng`iroq qilib tanbeh berasizmi? Zero, Prezidentimiz 15–20 yildan keyin O`zbekistonning madaniy rivojlanishi qanday kechishi, uni qanday kuchaytirish mumkinligi xususidagi odilona savollar birinchi navbatda, xalqimizning eng ilg`or vakillari bo`lgan ijod ahlini o`ylantirishi zarurligini bejiz ta`kidlamadilar.
— Xunobim oshishini asti so`ramang... Bilasizmi, tanbehni kimdir to`g`ri qabul qiladi, boshqasi hasadga yo`yadi. Asosiy vazifa – umumiy darajani ko`tarish shart! Bachkanalik, G`arbdan ko`r-ko`rona ko`chirish o`zbek san`atiga yarashmaydi. Uzoqqa bormaylik, “The Cover up” ko`rsatuviga o`zbekona “Mardi maydon”ga o`xshash nom topilmaydimi?! Bu ko`rsatuvning musiqa muharriri yo`qligini bilgach esa dahshatga tushdim. Tasavvur qiling, sud bo`lyapti, lekin sudya va prokuror yo`q, degandek gapda bu. Bunday jarayonlarda talablarimiz o`zgarishi shart!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi