AsosiyJamiyat

​“ASTANA EXPO – 2017” KO`RGAZMASINING RASMIY YoPILISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI

'​“ASTANA EXPO – 2017” KO`RGAZMASINING RASMIY YoPILISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI'ning rasmi

Qozog`istonda 10 sentyabr kuni “Astana EXPO – 2017” xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazmaning rasmiy yopilish marosimi o`tkazildi. Unda qator davlat rahbarlari va xalqaro delegasiyalar etakchilari ishtirok etdi.

Uch oy davom etgan ko`rgazmada O`zbekiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Vetnam, Armaniston, Pokiston, Ozarbayjon, Belarus, Kuba, Turkmaniston, Ruminiya, Braziliya, Gruziya kabi 120 ga yaqin davlat o`zining texnologik, ilmiy, madaniy yutuqlarini namoyish etdi. Shuningdek, 20 dan ortiq xalqaro tashkilot qatnashdi, deb yozadi O`zA.

“Kelajak energiyasi” mavzuida o`tkazilgan ko`rgazma, uning doirasida tashkil etilgan xalqaro konferensiyalar sayyoramiz kelajagiga bevosita ta`sir ko`rsatayotgan energiya iste`moli muammosi jahon hamjamiyatini tashvishga solayotganini ochib berdi.

Sanoatlashtirish ramzi, texnik va texnologik yutuqlar namoyishi uchun ochiq platforma hisoblangan EKSPO ko`rgazmasi millionlab odamlar e`tiborini tortdi, unga 5 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi.

Mamlakatimiz ko`rgazmada samarali ishtirok etdi. Umumiy maydoni 1 ming 180 kvadrat metrni tashkil etgan pavilonga minglab mehmonlar, mutaxassislar tashrif buyurdi. Yurtimizning avtomobilsozlik, yuqori texnologiyalar, robototexnika, turizm, agrar sohalarda erishgan yutuqlari aks ettirilgan stendlar ularda katta qiziqish uyg`otdi. Istiqbolli hamkorlikka oid qator shartnomalar imzolandi. 5 sentyabr kuni O`zbekiston milliy kuni o`tkazildi.

“Astana EXPO – 2017” ko`rgazmasining yopilish marosimida bu yilgi tadbir 1851 yildan buyon an`anaviy o`tkazib kelinayotgan xalqaro yarmarkaning mantiqiy davomi bo`lgani, dunyo xalqlarini birlashtirishga katta hissa qo`shgani, uni o`tkazish va yarmarkada ishtirok etish istagini bildirayotgan mamlakatlar safi tobora kengayib borayotgani ta`kidlandi.

Xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazmaning rasmiy yopilish marosimi teatrlashtirilgan konsert dasturi va mushakbozlik bilan nihoyasiga etdi.

Navbatdagi xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazma 2020 yil Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar