1

Matonat: “TUShLARIMGA KIRASAN BOLAM”

Mutolaa 11.09.2017, 10:35
Matonat: “TUShLARIMGA KIRASAN BOLAM”

Munisaning tushiga bugun yana o`g`li Umidjon kirdi. U oppoq kiyimda emish. Hadeb hovlini aylanib, Unga qarab, qiqir-qiqir kularmish.

Munisa: “Kel, o`g`lim, ovqatingni eb ol”, deya chaqirsa, Umidjon sho`xlik qilib qochib ketar va bir zumda g`oyib bo`larmish. Munisa esaBolam”, deya yig`lab qolaverarkan

Ayol qo`qqisdan uyg`onib ketdi. Beixtiyor ungida yoshlangan ko`z yoshlarini arta boshladi va atrofga jovdirab o`g`lini qidira boshladi.

Qani edi tushi ungiga aylanib qolsa-yu, nuridiydasini to`yib-to`yib bag`riga bossa. Afsus taqdiri azalning hukmiga biror chora topmoq mushkul ekan. Yo`qsa, u tilab olgan o`g`lidan judo bo`lib o`tirarmidi?!

Munisa tibbiyot bo`yicha tahsil olayotgan kezlari Nodir ismli yigit bilan tanishib qoldi. Keyin yulduzi yulduziga to`g`ri kelib, oila qurishdi. Ular ketma-ket uchta qiz farzandli bo`lishdi. Nodirning kungli g`ashlana boshladi. Go`yo o`g`il farzandi yo`qligi oilada fayz-barakani aritayotgandek edi. Endi kun ora urush janjal avj olardi.

Nodir ichib kelar, “Nega mening o`g`lim yo`q? Menga o`g`il kerak, bildingmi, qiz tug`adigan xotin bilan yashamayman, ket”, deya Munisaning dilini xira qilardi. Xudo ayolning jonini temirdan, sabr-qanoatini pulatdan yaratgan desa, mubolag`a bo`lmaydi. Munisa bularning barchasiga sabr bilan tishini-tishiga qo`yib chidadi. Oradan hech qancha vaqt o`tmay, Allohning bu mushtipar ayolga rahmi keldi va qo`chqordek o`g`il ato etdi. Nodirning quvonchini so`z bilan tariflab bo`lmasdi.

Umidjon tug`ildi-yu, oiladagi janjallar barham topdi. Xushnud kunlar boshlandi. Umidjon sal esini tanib qolgach, uni bog`chaga berishdi. Chunki kuni bo`yi Munisa va Nodir ishda, qizlari esa maktabda bo`lardi. Umidjon 5 yoshga to`ldi. U juda sho`x, o`yinqaroq bola bo`lgan edi. Bog`chadan tez-tez qochib kelar, tengdoshlari bilan qaerlargadir o`ynab ketib qolardi.

Bir kuni u qo`shni bog`chadosh bolalar — Hasan va Husan bilan birgalikda bog`chadan qochib ketdi va o`rtoq yigitchalarga “Ketdik, cho`milishga boramiz. Sizlarni dadam meni ko`p cho`miltiradigan joyga olib boraman”, dedi. Bolalar shux-shodon bo`lib, ekin erlarni sug`orish uchun maxsus qazilgan ko`l tomon etaklashib yugurib ketishdi. Bu vaqtda Munisa shifoxonada bemorlar bilan ovora edi. Shu payt unga bog`chadan qo`ng`iroq bo`layotganini aytishdi. Tarbiyachilardan: “Umidjon qo`shningizning bolalari bilan yana qochib ketibdi, ulardan darak yo`q”, degan xabarni eshitdi.

“Hech qisi yo`q, uyda bo`lsa kerak, opalari ham maktabdan kelib qolgandir” deya o`yladi Munisa.

Nodir shu kuni negadir ishdan ertaroq qaytdi. Endi darvozasiga yaqinlashayotganidan qo`shnisi Akbar shoshilgancha: “Nodir, Zafarning egiz o`g`ilchalari ko`lga cho`kibdi, birini topib shifoxonaga jo`natdik. Ikkinchisi yo`q”, deb qoldi. Nodir shoshilib o`sha tomonga yugurdi. Ular ham ko`lga tushib egizlarning ikkinchisini qidira boshlashdi.

Shu payt Nodirning ko`zi qamishlar orasida yuz tuban yotgan bolaga tushdi va darhol borib bolani ko`tardi-yu, dahshatdan baqirib yubordi.

Bu o`zining tilab olgan o`g`li Umidjon edi. Shu orada egizlarning ikkinchisi Hasanni ham jonsiz holda topishdi.

Uyiga kelgan Munisa erining qo`lida yotgan jonsiz norasidasini ko`rib, hushini yo`qotdi.

Ertasi kuni dilni larzaga soladigan dod-faryod bilan dunyoga to`ymay ketgan uch go`dakni qabrga qo`yishdi.

Mana shu voqeadan so`ng Munisa sakkiz oy farzandi dog`ida betob bo`lib yotib qoldi. Endi tuzalib oyoqqa turganida, bir kuni eri ichib kelib, “Sen befahm o`g`limga eplab qarolmading”, deya jazava bilan xotinini dupposlay boshladi. Erining beayov kaltaklashi tufayli ayol og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

Singlisining zulum ko`rayotganini ko`rgan Munisaning akasi bu haqda Ichki ishlar bo`limiga ariza berdi. Bundan xabar topgan Nodir esa jazavaga tushib uyiga kirib, hovli darvozalarini tamballab oldi.

Hali shifoxonadan chiqib ulgurmay, eri o`zini osib qo`yganligi haqidagi shumxabarni eshitgan Munisaning dili yana larzaga keldi.

Shu tariqa taqdirning achchiq zarbalarini elkasiga ortgan Munisa uch qizi bilan yolg`iz qolibketdi.

Taqdir zarbalari tufayli Munisa ich-ichidan ezilib: “Qani edi, barchasi tush bo`lib qolsa”, deya faryod qilsa-da, matonat bilan yashashni ham unutib qo`ygani yo`q!

(Hayotiy hikoya)

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1