1

O`zingizni kashf eting: “KO`NGLIM YoMON QOLDI...”

Mutolaa 11.09.2017, 15:36
O`zingizni kashf eting: “KO`NGLIM YoMON QOLDI...”

Kundalik hayotimizda ko`p takrorlanuvchi ayrim so`zlar borki, ular kimningdir yuragiga etib borib o`zini anglashga chorlasa, kimlar uchundir shunchaki ermak bo`lib qolgan. “Ko`nglim qoldi, ko`nglimni sindirdi, ko`nglimga tegdi” vaho kazo...

Xo`sh, ba`zan tashvish, ba`zan quvonchga oshno etuvchi, aslida o`zi ko`rinmaydigan ushbu atama — ko`ngil o`zimizni kashf etishda qanday ahamiyatga ega bo`lishi mumkin?..

Jismimizning ma`lum qismida joylashib, o`zini a`zolikdan yashirgan ushbu tuyg`u nima uchun aynan insonga xos deb o`ylaysiz? Donishmand Jaloliddin Ro`miyning “Ko`zni yumgin, ko`zga aylansin ko`ngil” so`zlarni yodga olaylik. Yo`q, siz ko`zingizni yumishga shoshilmang, aks holda fikrlarimizni yumiq ko`zlar bilan o`qish ham, uqish ham qiyin. Keling, inson ko`nglini zabt etishborasida fikrlashishdan avval ushbu ro`yxatga e`tibor qarating:

Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Jaloliddin Ro`miy, Bobur, Imom Buxoriy, Ibn Sino va ular kabi ko`plab Sharq mutafakkir olimu siyosatchilari. Ular inson, xalq ko`nglidan joy olgan donishmandlar hisoblanishadi.

Keyingi ro`yxat — Chingizxon, Adolf Getler, Benito Mussolini, Muammar Kaddofiy va ular kabi dunyoga o`z hukmni o`tkazgan kishilar.

Endi yuqorida nomlari keltirilgan ikki toifadagi qaysi tarixiy shaxslarni kishilar ko`nglini olishda ilg`or bo`lishgan deb o`ylaysiz? Yovuzligi bilan nom chiqargan shaxslarni bu ro`yxatdan o`chirishga shoshilmang. Ular ham omma ko`nglini olishga usta bo`lishgan. Bunga shubhangiz bormi? Balki ularning ishini zo`ravonlikka yo`yarsiz?..

Ammo ular atrofidagi zo`ravonlarning ko`nglini ololgan desak-chi, bu ko`ngil olishga kirmaydimi? Demak ko`ngil olishning oqibati xayrsiz turlari ham bor ekan-da!

Amerikani kim kashf etgan?

“Amerikani kashf etgan inson kimligini bilaman” deysiz, bu ma`lum. Ammo bu erda boshqa gap bor. Ha, siz bilgan Xristofor Kolumb o`z talqinicha Hindistonni qidirdi va “topdi”. Nima ilinjida qidirgani ma`lum — boylik. Ammo bobokalonimiz Beruniy esa undan ko`p asrlar avval o`z salohiyati bilan bugun Amerika deb atalgan quruqlikning mavjudligini ayta olgan.

Endi solishtirsak, boylik ilinji va ilmiy salohiyat samarasi. Inson ko`ngliga qo`l uzatish Kolumb Hindistondan boylik istaganchalik oson bo`lsa ham (Hindiston bo`lib chiqmadi), bobomiz Beruniydek quruqlik mavjudligini his eta olish mahoratiga ega bo`lmagan. Demak, inson o`zini va o`zgalar ko`nglini kashf etishi Amerikani kashf etishdan-da qiyin ekan. Boisi ko`ngilga ta`masiz, toza ruh bilan yaqin kelsangiz uni albatta chin ma`noda kashf eta olasiz.

Ko`ngil haqida o`ylashni boshlagan bo`lsangiz, o`z ko`nglingizning rangini bilasizmi? Ko`ngil ikki rangdan iborat, hech e`tibor qilganmisiz? Axir nutqimizda oq ko`ngil so`zini ko`p ishlatamizku!

Demak, ta`bir joiz bo`lsa, yuqorida keltirilgan salbiy tarixiy shaxslarni oq ko`ngillikdan yiroq — qora ko`ngil yoki ko`ngli kir tarzda sifatlashingizga shubha yo`q. Ular ham inson ko`nglini olishda o`ziga xos mahorat egasi bo`lishgan, ammo bunda ular nafs yo`lida ko`ngilga quloq solishni targ`ib qilgan, xolos. Oqibat esa ma`lum...

Ijobiy tarixiy shaxslar kelsak, ular avvalo ma`naviyat yo`li orqali kishilar ko`ngliga yo`l ola bilgan. Ular o`ta mahoratli bo`lishgan. Sir emaski, millionlab kishilar ko`nglidagi gapni ayta olgan Adolf Getler alal oqibat o`ziga ergashganlarni mash`um urushga etakladi. Va yana manbalar ko`rsatadiki, ulug` faylasuflar esa, xususan Alisher Navoiy, Jaloliddin Ro`miy, Hoja Ahror Vale o`ziga ergashgan kishilarni yovuzlikdan, qirg`inbarot janglardan qaytargan. Bu kabi tarixiy shaxslarni ko`plab keltirish mumkin, ammo aytmoqchi bo`lgan fikrimiz — inson ko`ngli shunday bir mo``jizaki, u o`z xususiyatiga ko`ra, xoh salbiy, xoh ijobiy bo`lsin, har ikki yo`ldan biriga chuqur ketsa, o`zga ko`ngillarga yo`l topib ergashtira oladi.

Oynadan sovuq kirmasin...

Keling, ko`ngil ishida biz qanday kishilardan ekanligimizni ko`rib chiqaylik. Ana shu tahlildan keyin balki kechagina ko`nglini qoldirgan sevgan qizingizdan yoki arzimas molu davlat tufayli ko`nglini sindirgan do`stingizdan yoxud sizni kech kelganingizda tergagan ota-onangizdan uzr so`rashga o`zingizni unday olarsiz. Chunki ko`plab insonlarning ko`nglidagi shaxs bo`lish uchun avvalo sizni ko`ngliga yaqin bilgan insonlar diliga yo`l topishingiz kerak. Ko`ngil oynasi sinsa, undan sovuq kirishi tabiiy. Anglagan bo`lsangiz, yuqorida bejizga Jaloliddin Ro`miyning so`zlarini keltirmadik. “Ko`zni yumgil, ko`zga aylansin ko`ngil”...

Siz hayotda o`zingizni birvarakayiga namoyish etishni istaysizmi? Ya`ni iste`dodingiz, so`zamonligingiz bilan bir deganda kishilar lol qolishsa, ko`nglingiz chog` bo`lishi tayin. “Yo`q, undaymas” deb o`zingizni aldamang. Axir bu hammaning ko`nglidagi ishku!

Birinchi qoida. Agar ko`nglingizdagi ushbu ishni to`g`ri deb bilsangiz, adashasiz. Aks holda kechagi birvarakayiga namoyish etgan iste`dodingiz bilan bugun hech kimni hayratga sololmas ekansiz.(Xuddi teleekran orqali ma`nisiz bo`lsa ham takror-takror qo`yilayotgan qo`shiqqa o`xshab. Chunki bu xonandaning bir oylik mashhurligi va butunlay ta`tilga chiqishiga tatigudek.) Demak, kishilar uchun qadrli va ko`ngliga yaqin bo`lish uchun har kuni bir yangilik berish bilan birga, ba`zi jihatlaringizni sir tuting. Atrofdagilar bunday odamdan ko`p narsani kutishadi va hech qachon uning xazinasi tagiga etolmaydilar.

Deylik, bugun sizning sharoitingizni hisobga olmay ko`nglingizga mos kelmaydigan iltimos tushdi. Xo`sh, bunday vaziyatda rad javobini tezda berasizmi?Ha, o`z manfaati yuzasidan tezda rad etishni ma`qul ko`radigan kishilar ko`p.

Ikkinchi qoida. Hech qachon keskin rad javobini bermang, bu sizga bo`lgan hurmat va ixlosni sindiradi. Ozgina umid qilishga imkon qoldiring. Bu umid raddiya alamini kamaytiradi. Iltifot bilan munosabat bildirishingiz va biroz vaqt ichida aytgan javobingiz garchi raddiya bo`lsa ham bajarilmaydigan ishga engillik bag`ishlaydi. Shunday ekan, bu qo`shimcha tarzda ruhiyatingizdagi qo`pollikni jilovlashingizga ko`maklashadi.

Bir davrada ayovsiz bahsga uchrab qoldingiz va siz tomon otilayotgan toshlar ko`nglingizni yaralashga etarli bo`lsa, yaxshigina javob qaytarishingiz aniq, shundaymasmi? Bir gal o`z ichki tug`yoningizdan kechib, ushbu tarzda javob bera olasizmi?

Uchinchi qoida. Chap bermoqni o`rganing. Turli vaziyatlarda yo`l topa bilish aqlli kishilarning ishidir. Ular o`rinli va ajoyib bir hazil bilan har qanday qiyin va noqulay vaziyatdan chiqib keta oladilar. Bir tabassum bilan maqsadga etib, ayovsiz bahsdan omon chiqadilar. Ba`zan esa o`zini tushunmaganlikka solishdan ko`ra aqlliroq yo`l qolmaydi.

Xulosa

Darhaqiqat, e`tibor qilgan bo`lsangiz, yuqorida keltirilgan qoidalarning birinchisi ko`ngilni olish uchun bo`lsa, qolgan ikkitasi ko`ngilni qoldirmaslik yo`lidagi tavsiyalardir. “Insonga yigirma yoshida tuyg`ular, o`ttizida iste`dod, qirqida aql-zakovat hukmronlik qiladi” deyishadi donishmandlarimiz.

Yigirma yoshli yigit o`z tuyg`ulariga erk berib o`zgalar ko`nglini sindirishi, o`ttiz yoshli inson iste`dodidan mag`rurlanib, o`zgalar ko`ngliga tegishi, qirq yoshli aql-zakovat egasi kimgadir aql o`rgataman deb ko`nglini qoldirishi ham mumkin.

Hayotimiz davomida kimlardan ko`nglimiz qolib, kimlarning ko`nglini qoldirganimizni yodga olsak, albatta bir xursinib qo`yamiz. Ammo ko`zlarni katta ochib yurib, kishilar ko`ngilini ko`rolmagandan ko`ra, ko`zi yumiq ko`ngli ochiq inson bo`lishdan zavqli narsa bo`lmasa kerak.

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1