AsosiyJamiyat

​MARKAZIY BANK VALYuTA KURSINING O`ZGARIShIGA TA`SIR ETUVChI OMILLARNI SANAB O`TDI

'​MARKAZIY BANK VALYuTA KURSINING O`ZGARIShIGA TA`SIR ETUVChI OMILLARNI SANAB O`TDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta kursining o`zgarishiga ta`sir etuvchi omillar to`g`risida ma`lumot berdi.

Amaldagi valyuta siyosati doirasida valyuta kursining dinamikasi chet el valyutasiga bo`lgan talab va taklif nisbatiga ta`sir ko`rsatuvchi ichki va tashqi omillar hisobiga shakllanadi.

Valyuta kursiga ta`sir ko`rsatuvchi ichki omillarga mamlakatda amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati, aholi va tadbirkorlarning valyuta kursi o`zgarishi va inflyasiya bo`yicha kutilmalari kiradi.

Xususan, Markaziy bank tegishli pul-kredit siyosatini amalga oshirish orqali pul massasi yuqori sur`atlarda o`sishining oldini olish hamda milliy valyutadagi aktivlarning jozibadorligini oshirish yo`li bilan chet el valyutasiga bo`lgan talab va taklif darajasiga ta`sir ko`rsatishi mumkin.

Bunda amaldagi qayta moliyalash stavkasi bo`yicha bank tizimiga likvidlilik berish yoki uni jalb qilish, tijorat banklari uchun majburiy rezerv talablarini o`zgartirish va boshqa choralarni qo`llagan holda pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalaniladi.

Monetar siyosat, shu jumladan, valyuta kursi siyosatining shaffofligini ta`minlash hamda aholining bu siyosatlardan kutayotgan o`zgarishlarni o`rganish maqsadida Markaziy bank jamoatchilik bilan aloqalarni takomillashtirishga alohida e`tibor qaratadi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun davriy ravishda pul-kredit sohasida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni tavsiflovchi tahliliy ma`lumotlar ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.

Xorijiy valyutaga bo`lgan talab va taklifga hamda valyuta kursi o`zgarishiga ta`sir etuvchitashqi omillarga O`zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo`lgan mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat va ularda amalga oshirilayotgan pul-kredit, shu jumladan kurs siyosati, tashqi bozorlardagi kon`yunktura hamda respublikaga jalb qilinayotgan xorijiy investisiyalar va kreditlar, tashqi qarzning qaytarilishi borasida bo`layotgan o`zgarishlar va ularning dinamikasi kiradi.

Ushbu omillarning barchasi mamlakat to`lov balansiga, ya`ni respublikaga valyuta mablag`larining kirib kelishi va undan chiqib ketishi hajmlariga bevosita ta`sir ko`rsatadi.

Valyuta kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanishi va uning tashqi iqtisodiy sharoitlarga mos ravishda o`zgarib borish xorijiy valyutaga bo`lgan talab va taklifni muvozanatlashtirish imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda, aynan bozor mexanizmlari asosida shakllanadigan valyuta kursi tashqi sharoitlar o`zgarishiga tez moslashish va uning salbiy oqibatlarini minimallashtirish orqali “avtomatik stabilizator” funksiyasini bajaradi.

Tashqi omillarning ta`siri kuchaygan sharoitda ayirboshlash kursini barqarorlashtirish bo`yicha pul-kredit siyosati imkoniyatlarining cheklanganligini inobatga olgan holda Markaziy bankning asosiy e`tibori valyuta kursi o`zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga, ya`ni ichki narxlar oshishining oldini olishga qaratiladi.

Xususan, devalvasiya jarayonlari yuzaga kelganda Markaziy bankning foiz siyosati monetar omillarning inflyasiyaga ta`sirini kamaytirish, so`mning xarid qobiliyatini saqlab qolish va milliy valyutadagi moliyaviy aktivlarning (aholi va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning jamg`armalari) qadrsizlanishiga yo`l qo`ymaslikka qaratiladi.

Ayirboshlash kursini aniqlash mexanizmi

So`mning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi tijorat banklari tomonidan o`z mijozlari - xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning tegishli buyurtmalari asosida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish amaliyotlari o`tkaziladigan O`zbekiston Respublikasining valyuta birjasidagi har kunlik banklararo savdo sessiyalarida shakllanadi.

Boshqacha qilib aytganda, har bir xorijiy valyuta sotuvchi va xarid qiluvchi sub`ekt bu operasiyalar bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi banklariga beradigan buyurtmalarida o`zlariga maqbul bo`lgan valyuta narxini (sotuvchi sotishi mumkin bo`lgan eng past kursni va xarid qiluvchi sotib olishi mumkin bo`lgan eng yuqori kursni) belgilab beradi.

Chet el valyutasini sotish va sotib olish bo`yicha barcha buyurtmalar shakllantirilanidan keyin valyuta birjasida bo`lib o`tadigan banklararo elektron savdolari davomida valyuta kursining o`zgarib borishi orqali xorijiy valyutaga bo`lgan talab va taklifning muvozanatiga bosqichma-bosqich erishilishi natijasida birja kursi shakllanadi.

Valyuta birjasi savdolaridagi tijorat banklarining operasiyalari iqtisodiyotdagi chet el valyutasiga bo`lgan jami talab va taklifning joriy nisbatini shakllantirib, birjada yuzaga keladigan ayirboshlash kursi uning muvozanat darajasini aks ettiradi.

Birja savdolari har kuni o`tkazib boriladi va kundalik savdo natijalariga ko`ra o`rnatilgan kurs O`zbekiston Respublikasining valyuta birjasi elektron saytida e`lon qilib boriladi (www.uzrvb.uz).

Ayirboshlash kursining shakllanishi uchun bozor sharoitlarini ta`minlash maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki minimal darajada bo`ladi. Alohida hollarda Markaziy bank valyuta kursi keskin tebranishlarining oldini olish maqsadida chet el valyutasi oldi-sotdi operasiyalarini o`tkazishi mumkin. Ichki valyuta bozori va uning ishtirokchilari ayirboshlash kursining bozor shartlarida shakllanishiga to`liq moslashguniga qadar ma`lum vaqt talab qilinishini inobatga olgan holda, dastlabki bosqichlarda Markaziy bankning ishtiroki faol bo`ladi.

Markaziy bankning rasmiy kursi haftasiga bir marta, o`tgan haftadagi valyuta birjasi savdolarida qayd etilgan kurslarning o`rtacha darajasida o`rnatilib, buxgalteriya hisobi, valyuta operasiyalari bo`yicha statistik va boshqa hisobotlar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblash maqsadida qo`llaniladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar