AsosiyJamiyat

DEPUTATLAR DAVLAT BYuDJETINING 2017 YIL BIRINChI YaRIM YILLIGIDAGI IJROSINI MUHOKAMA QILDILAR

'DEPUTATLAR DAVLAT BYuDJETINING 2017 YIL BIRINChI YaRIM YILLIGIDAGI IJROSINI MUHOKAMA QILDILAR'ning rasmi

2017 yilning 11 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining joriy yil I yarim yilligidagi ijrosi yakunlarini ko`rib chiqdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar berdi.

Dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, shuningdek, Qonunchilik palatasi sohaga oid qo`mitasining majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari o`tkazilgan edi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusiga ko`ra ishlab chiqilgan va joriy yilning 7 fevral kuni tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasining hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturining bajarilishi, birinchi yarim yillikda davlat organlari, nazorat qiluvchi organlar, bank-moliya muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining mexanizmlari va shakllarini tubdan o`zgartirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi iqtisodiy o`sishning muntazamligi va makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib turishini ta`minlaganligi majlisda ta`kidlab o`tildi.

Mamlakatimiz tarmoqlari va hududlaridagi yuqori investisiyaviy faollik, olib borilayotgan tarkibiy o`zgarishlar, xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulotni ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali loyihalarning amalga oshirilishi, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar uchun yanada qulay iqtisodiy shart-sharoitning yaratilishi, ular ekspert faoliyatining rag`batlantirilishi, shuningdek, xizmatlar ko`rsatish sohasining, birinchi navbatda, axborot-kommunikasiya texnologiyalari negizida xizmatlar ko`rsatishning zamonaviy turlari paydo bo`lishi hisobiga jadal rivojlanishi iqtisodiyot o`sishining asosiy omillari bo`ldi.

Mamlakatimiz byudjet siyosatini takomillashtirish yuzasidan birinchi yarim yillikda qabul qilingan, byudjetlarning daromad bazasini kengaytirishga, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga va byudjet mablag`larining xarajatlar samaradorligini, natijadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hisobot davrida Davlat byudjetini mutanosib ijro etish imkonini berdi.

Soliqqa tortish tizimini soddalashtirishga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarning va soliq ma`muriyatchiligining zamonaviy mexanizmlari joriy etilayotganligi qayd etildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi hamda «Soliq ma`muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning yig`iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmonlarining tutgan o`rni alohida qayd etilib, ushbu farmonlarga muvofiq aholining real daromadlarini, hayoti darajasi va sifatini oshirish, respublika byudjetidan moliyalashtirishga bog`liqlikni kamaytirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini kuchaytirish maqsadida hududlarni kompleks rivojlantirishning barqaror moliyalashtirilishini ta`minlash mamlakatimiz byudjet siyosatining asosiy vazifasi etib belgilangan.

Ushbu farmon doirasida joriy yilning 1 iyulidan 31 dekabriga qadar Toshkent shahrida va uning tumanlarida ularning byudjetlari daromadlari va xarajatlarining yangi tuzilmasini nazarda tutuvchi tajriba o`tkazilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining xarajatlari ulushi davlat byudjeti tuzilmasida hisobot yilida 53 foizgacha o`sdi.

Hududlarning mahalliy byudjetlarni mustahkamlashga doir zaxiralaridan va resurs imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlar tufayli o`tgan davrda bevosita soliqlardan tushgan tushumlar miqdori 5528,7 milliard so`mni tashkil etganligi hamda 2016 yilning shu davriga nisbatan 793,8 milliard so`mga, ya`ni 16,8 foizga o`sganligi deputatlar tomonidan ta`kidlandi.

Shu bilan birga, deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining daromadlarini shakllantirishdagi hamda mablag`laridan samarali foydalanishdagi xato va kamchiliklarga to`xtalib o`tdilar. Xususan, Davlat byudjetining hisobot davridagi ijrosining borishi tanqidiy tahlil qilingan holda, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud zaxiralar hamda resurs imkoniyatlaridan etarlicha foydalanilmaganligi qayd etib o`tildi.

Jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir mintaqaviy dasturlarni, ayniqsa, sanoat va xizmatlar ko`rsatishni rivojlantirish sohasidagi dasturlarni amalga oshirish orqali tumanlar va shaharlarning subvensiyalarga bog`liqligini qisqartirishga etarli darajada e`tibor qaratilmayapti. Chunonchi, hisobot davrida sanoat sohasida mikrofirmalarga va kichik korxonalarga imtiyozlar berish hisobiga Qoraqalpog`iston Respublikasining atigi 9 ta tumani hamda Xorazm viloyatining 7 ta tumani, shuningdek, 27 ta tuman va shahar subvensiyadan chiqarildi. Shu bilan bir vaqtda 73 ta tuman hanuzgacha subvensiya holatida qolmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining hisobot davridagi ijrosiga oid materiallar to`liq taqdim etilmaganligi uchun moliyaviy idoralar deputatlar tomonidan tanqid qilindi. Shu sababli deputatlar birlashmalarida va sohaga oid qo`mitada muhokamaga tayyorgarlik ko`rish jarayonida qo`shimcha materiallar so`rab olindi.

Umuman olganda, majlis yakunlariga ko`ra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar