O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston hukumati tomonidan myanmalik qochqinlarning ehtiyojlari uchun ularga insonparvarlik yordamini yuborish to`g`risida qaror qabul qilingani haqida xabar bergan.
Shuningdek, O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o`z rasmiy sahifasida mamlakat hukumati Myanmada yuzaga kelayotgan vaziyat haqidagi xabarlarni havotir bilan qarshi olgani to`g`risida rasmiy bayonot e`lon qildi.
"O`zbekiston TIV Myanmada yuzaga kelayotgan vaziyat, xususan, mamlakatdagi milliy ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlarga ko`rsatilayotgan zo`ravonlik holatlari haqidagi xabarlarni tashvish bilan qarshi oldi.
Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti Nizomi maqsad va vazifalariga tayangan holda O`zbekiston zo`ravonlikning har qanday ko`rinishini qoralaydi va irqi, rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e`tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, tug`ilishi yoki boshqa holatlar bilan bog`liq belgilaridan qat`iy nazar, har bir inson barcha huquq va erkinliklarga ega bo`lishi tarafdori ekanligini bildiradi", — deyiladi bayonotda.






