O`zbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar, deya xabar beradi O`zA.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev o`z qutlovida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevni ushbu sana bilan tabriklab, bunday deydi: "Mamlakatlarimiz o`rtasida oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot, o`zaro manfaatli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik yuksak e`tirofga munosib. O`zbekistonning Markaziy Osiyoda davlatlararo amaliy muloqotni mustahkamlash bo`yicha Sizning rahbarligingizda amalga oshirayotgan sa`y-harakatlarini Bolgariya hurmat qilishini bildirmoqchiman. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning asosi bo`lgan tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash Bolgariya Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi uchun birdek qadrlidir".
Prezident Rumen Radev "Bolgariya Respublikasi O`zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini ijobiy baholaydi. Sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitimga 2017 yil 1 iyul kuni To`qimachilik bayonnomasi ham qo`shilgani shundan dalolat beradi. Ishonchim komilki, bu mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, iqtisodiy hamkorlik salohiyatini kengaytirish va ro`yobga chiqarishda yangi istiqbollar ochadi", deb ta`kidlagan.
Davlatimiz rahbarining qutlovida "Biz Bolgariya O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo`lib tan olgani hamda davlatimiz suverenitetini qat`iy qo`llab-quvvatlaganini yuksak qadrlaymiz", deb alohida ta`kidlangan.
O`zbekiston Prezidenti "o`tgan davrda mamlakatlarimiz o`rtasida do`stlik va o`zaro anglashuv an`analariga asoslangan samimiy va amaliy munosabatlar o`rnatilgani"ni qayd etgan.
"O`zbekiston – Bolgariya sherikligini izchil kengaytirish uchun ulkan salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligiga qat`iy ishonamiz", deyilgan qutlovda.
O`zbekiston Prezidenti "bo`lajak oliy darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama aloqalarga yangi sur`at bag`ishlashi, mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishi, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitishi"ga ishonch bildirgan.






