O`zbekiston Prezidenti “Kam ta`minlangan aholi qatlamlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qaror imzoladi.
Hujjat bilan 2017−2018 yillarda ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqilishi belgilangan, deb yozadi Gazeta.uz. Ularda ish bilan bandlikning muayyan turlari bilan shug`ullanishni xohlovchi kam ta`minlangan oilalarga tijorat banklarini imtiyozli kreditlash jamg`armasining maxsus mablag`lari hisobiga imtiyozli foiz stavkalariga ega mikrokreditlar ajratish ko`zda tutilgan.
Mikrokreditlar tikuv mashinalari, matolar va zarur materiallar, hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek o`z-o`zini band qilish uchun turli xil asbob-uskunalar sotib olishga ajratiladi. Bundan tashqari, kreditlar shaxsiy tomorqa uchastkalari (qora mol, parrandalar sotib olish, kichik issiqxonalar, molxona va kataklar qurish, bog` inventarlari va asbob-uskunalarini sotib olish) va turar joylarni ta`mirlash uchun yo`naltirilishi mumkin.
Davlat byudjeti, Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi va «Mahalla» jamg`armasi mablag`lari hisobidan (teng ulushlarda) og`ir yashash sharoitlariga ega, boquvchisini yo`qotgan va nogironlarni parvarishlayotgan oilalarga beg`araz yordamlar ko`rsatiladi.
Jumladan, 2017 va 2018 yillarda respublikaning har bir tumani va shahrida mos ravishda 2 va 5 tadan turar-joyiga ega bo`lmagan yoki avariya holatidagi yoki juda eski uylarda yashayotgan oilalarga 10 yil davomida mol-mulkini boshqalar nomiga o`tkazish huquqisiz arzon uy-joy ajratish rejalashtirilgan.
2017 va 2018 yillarda mamlakatning har bir tumani va shahrida mos ravishda 10 va 25 tadan kam ta`minlangan oilalarning turar joylarini ta`mirlash (tomni ta`mirlash, pol yotqizish, oyna-derazalarni almashtirish vahokazo) rejalashtirilgan.
Joriy va kelgusi yilda har bir tuman va shaharda 70 tagacha oilalarga maishiy texnikalar (gaz- elektr pechlar, muzlatkichlar, tikuv mashinalari va boshqalar) yoki bir boshdan yirik shoxli qora mol berish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, har bir tumanda a`zolari og`ir kasallikka chalingan va ularni davolashga mablag`lari bo`lmagan o`rtacha oltitagacha oilaning tibbiy xizmatlar to`lovi amalga oshiriladi.
Butun mamlakatda, ayniqsa qishloq va olis tumanlarda band bo`lmagan fuqarolar aholi punktlari, mahallalarni obodonlashtirish, ariqlar, irrigasiya tarmoqlarini tozalash, uy-joy kommunal ob`ektlarini ta`mirlash, infratuzilmalarni yaxshilash, yo`l va ko`chalar, uy-joy fondlari ob`ektlari va ularga yondosh hududlarni ta`mirlash, shuningdek qishloq xo`jaligi ishlari bo`yicha jamoat ishlariga jalb etish rejalashtirilgan.
1 oktyabrdan mazkur jarayon Qoraqalpog`iston, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan tumanda sinov tariqasida, 2018 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich O`zbekistonning barcha tuman va shaharlarida boshlanadi.
2017 yilda jamoat ishlarini tashkil etish va o`tkazish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg`armasiga davlat byudjetidan 84 mlrd, 2018 yilda esa 714 mlrd so`m ajratiladi.
Jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarning Jamoat ishlari jamg`armasidan oladigan mablag`lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i to`lashdan ozod etiladi. Ushbu daromadlar yagona ijtimoiy to`lovga ham tortilmaydi.
2017—2018 yillarda 14 yoshgacha farzandlari bo`lgan oilalar va kam ta`minlangan oilalar nafaqa ko`rinishidagi to`lovlar hajmi mos ravishda 1,5 va 2 barobarga oshiriladi.






