BO`RIDA BARAKA BOR

Mutolaa 14.09.2017, 20:11
BO`RIDA BARAKA BOR

Biz chet qishloqlardan birida istiqomat qilamiz. Tog` yon bag`rida yashaganimiz uchun odamlarning uylari bir-biriga yaqin emas, aksincha, uzoqroq, lekin qulay va tekisroq joyga qurilgan. Albatta, buning yaxshi tomonidan ko`ra yomoni ko`proq. Sababi, bizdek bag`rikeng, mehmondo`st xalqqa qo`shnining uzoqligi sira to`g`ri kelmaydi. Axir, bir-biringizni ko`rib, gurunglashib turganga nima etsin? Shunday bo`lsa-da, biz qo`shnilarnikiga tez-tez chiqib hol-ahvol so`rab turamiz. Baribir bu devor-darmiyon qo`shni kabi bo`lmaydi.

O`tkan yili ayni mana shunday bahor kunlari edi. Tong qorong`usida qo`ylarni boqish uchun haydab ketayotgandim. Qarasam, qo`shni hovlida g`ala-g`ovur. Yoshligim uchun “Ha, tinchlikmi?” deb baqirgani uyaldim. Lekin uyga qaytishim bilan bu haqda otamga aytdim. — Men chiqib kelay bo`lmasa, — dedi otam eshitishi bilan joyidan irg`ib turarkan. — Tinchlik bo`lsin, ishqilib.

— Muncha qolib ketdingiz? Tinchlikmikan? — so`radi onam.

— Tinchlik. Ma, mana buni olib qo`y, — dedi otam qo`lidagi qog`ozga o`rog`liq go`shtni onamga uzatib.

— Qo`y so`yishibdimi? — ajablandi onam.Ha. O`g`li kechasi qo`ylarini bir yoyib kelay deb chiqibdi. Buni qara, g`aflat bosib qo`raning atrofida turgan ikkita bo`rini ko`rmabdi. Qo`raning og`zini ochsa, har doim tashqariga yuguradigan qo`ylar hurkib, chiqay deyishmasmish. Bolayam yosh-da, qo`yning nimadan cho`chib turganiga e`tibor qilmay, ichkariga kirib, qo`ylarni majburlab haydabdi. Ikkita qo`y chiqishi bilan bo`ri tashlanibdi-da! Shundagina ko`rgan bola bechora bo`rini...

— Voy o`lmasam... — onam vahima bilan yoqasini ushladi. — Bolaga tashlanmabdimi, bo`ri?

— Yo`q, bu yog`iga bola pishiqlik qilibdi. Shartta qo`raning og`zini yopib, baqira boshlabdi. Tayog`igi o`qtalib, shovqin ko`taravergan. Uydagilar yugurgilab chiqishibdi. Shunda haligi bo`rilar og`zidagi o`ljasini tashlab qochibdi.

— Qo`yni bo`g`izlagan ekanmi? — so`radi akam.

— Ha, ikkita bo`ri bitta qo`yga tashlangan ekan. Biri bo`g`zidan, ikkinchisi dumbasini olgan ekan. “G`ajib tashlashga ulgurmagan ekan”, dedi qo`shni. Balki tuzatsa bo`lar, deb tonggacha qarashgan-da. Lekin bo`zg`idan qon ketishi to`xtamabdi. Keyin harom qotmasin, deb o`zlari so`yib olishibdi. Jonivorning ichidan qo`zichoq chiqibdi. Hademay tug`adigan ekan.

— Hayriyat, kuyib qolishmabdi-ku! Asosiysi, o`g`liga hech narsa qilmabdi, — xotirjam tortdi onam.

— Qaytanga Abil boboning dimog`i chog`, — dedi otam bizni hayron qoldirib.

— Tavba, esini eganmi, shu chol. Bitta qo`ydan ajrab, yana xursandmi? — gap qo`shdi katta opam.

— Bu yaxshilikka emish. Abil bobo vaqtida katta cho`pon bo`lgan. Odamlarning qo`yini boqardi. U ko`p narsani biladi. “Bo`rida baraka bor. Bekorga qadimgilar “Bo`rimi, tulki?” deb so`ramaydi. “Bo`ri” ishlar baroridan kelishini anglatadi. Bolam, endi qo`ylaring urchiydi. Shunaqa ko`payib ketadiki, og`zing ochilib qoladi”, dedi bobo. Men ishondim. Bu gapni avval ham eshitgandek edim.

— Go`rdan ko`payadimi? Mana, o`zi ikkita qo`yga kuyibdi-ku! Ichidagi bolasini qo`shganda. Nima desin, shunday deb ovutadi-da, bolalarini, — dedi onam.

— Mayli, yaxshi niyat-da! Ko`paysin. O`zi o`n uchtagina qo`yi bor ekan. Undan ham ikkitasi qo`chqor. Qolgani tug`sa ham ko`payib ketadi-da...

— Bugun ham bitta qo`yimiz egizak tug`di. Otam olib qoldi. Qo`zichoq charchaydi, — deydi kulib u.

— Avval qo`ylarimiz sira egizak tuqqan emas. Qo`ramizga bo`ri tekkandan buyon baraka keldi. Har kuni bitta qo`yimiz tug`yapti. Yana egizak. O`zimcha hisobladim. Yozgacha qo`ylarimiz soni ellikdan oshadi. Kelasi yil bulturgi qo`zilarimiz ham tug`adi. Shu bilan qo`ylarimiz yuzdan oshib ketadi. Qara, ikki yilning ichida o`n uchta qo`y shunchaga ko`payadi, — qo`shnimizning o`g`li hayratini yashira olmaydi.

Otam ketishi bilan bizning ham ichimiz qiziy boshladi. Tag`in atay qilgandek otam ham kelay demasdi. Oradan uch soatcha vaqt o`tib, kirib keldi.

“Qo`y so`ygan ekan-ku!” — o`yladim o`zimcha.

Otam negadir boboning gaplariga ishondi. Lekin ishonasizmi, yo`qmi, o`sha oyning ichida ularning qo`ylari egizak qo`zilay boshladi. Har kuni birga qo`y boqqani chiqamiz, tengqurimning qo`yi ko`payib ketaveradi.

Yozda esa ularning qo`ylari soni biznikidan ko`p edi. O`ttizdan oshgandi. Mana, bu bahor ham shunday bo`lyapti.

Mening quloqlarim tagida esa otamning so`zlari jarangladi: “Bo`rida baraka bor!”

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1