1

ShAROITINGIZ YO`QMI YoKI ShIORINGIZ?

Mutolaa 14.09.2017, 22:31
ShAROITINGIZ YO`QMI YoKI ShIORINGIZ?

Aksariyat mashhur kishilar hayotini kuzatsangiz, ular ma`lum bir hikmatli gapni o`zlariga shior qilib, butun umri davomida unga amal qilib o`tganliklarining guvohi bo`lasiz. Balki bu shiorlar ularning mashhur bo`lib etishishlari uchun turtki bo`lgandir...

Mashhurlikka intilish bugun zamon talabi darajasiga etib borayotgani sir emas. Kimdir o`z molu-davlati ortidan, yana kimdir iste`dodi bilan tanilishga harakat qiladi. Bunda albatta ommaviy axborot vositalari ham ko`makchiga aylangan. (Juda bo`lmasa, uyali telefonlar yoki internet saytlari ham bir kunda mashhur bo`lishingizga sharoit yaratishi bor gap)

Keling, birgalikda insonni mashhurlikka, maqsadga etaklovchi boshqa omil haqida so`z yuritsak. Ya`ni shior! Darhaqiqat, inson o`ziga nisbatan turli vaziyatlarga qarab, “Qat`iyatli bo`lishim kerak”, “Irodam sust”, “Sabr qilishim kerak” kabi undovlarni ko`p ishlatadi, ammo ularning orasiga “O`z shiorim bo`lishi kerak ekan”, “Shiorsiz yashash qiyin”, “Shiorimga amal qilishim lozim” degan so`zlarni deyarli eshitmaysiz.

“Shiorni ham o`zimizga o`xshagan kishilar o`ylab topgan, sharoit bo`lmasa, shior bilan nimaga ham erishardim?” deyishga shoshilmang. Haqiqiy iste`dodni sharoit emas, tinimsiz mehnat yuksaltiradi. To`g`ri, bu oson kechmasligi mumkin, lekin bir kun kelib, “Sharoitim bo`lmagani uchun harakat qilmadim”, degan armondan ko`ra, “O`z yo`limdan qaytmay mehnat qildim” degan xotira shirinroq emasmi? Olim Mendeleevning iste`dod ahli haqidagi shioriga bir e`tibor qiling: "Jon fido qilib ishlamasa, na iste`dodlar, na daholar yuzaga chiqadi".

Atrofingizga bir qarang, sharoiti bor, ammo iste`dodi yo`q kishi o`zini har kuyga solmasin, bir kun kelib, o`zida yo`q narsani kashf etolmasligini tan oladi. Ammo haqiqiy iste`dod harakatga kelsa-chi? Betxoven aytganidek: "Iste`dodli va mehnatga muhabbatli odamning yo`lini hech narsa to`solmaydi".

Aslida qobiliyatsiz insonning o`zi bo`lmaydi, o`z qobiliyatini kashf eta olmaydigan insonlargina bo`ladi, xolos. Balki iste`dodimizni yuzaga chiqarish uchun avval o`z “men”imizni tarbiyalab olishimiz zarurdir. Shu o`rinda Suqrotning so`zlarini yodga olaylik: “O`z darajasiga etolmaslik — johillikdan o`zga narsa emas. O`z darajasidan oshmoqlik esa donolikning o`zginasidir”

“Hech ishim yurishmayapti...”

Kishilik jamiyati paydo bo`libdiki, inson taraqqiyotga intiladi. Nimadir yaratadi, nimanidir kashf qiladi. Dunyo olimlari,psixologlari inson o`ziga kerakli bo`lgan har qanday ehtiyojni tortib olish kuchiga ega, deydi. Ya`ni tinimsiz orzu istak, ishonchli shior ustiga qurilgan qat`iy reja har qanday ehtiyojning amalga oshishiga turtki bo`larkan. Bu haqida boplab ko`rsatuvlar ham tayyorlab, turli telekanallar orqali namoyish etishyapti.

Keling, shu o`rinda ularning fikrini mulohaza qilsak, aslida o`sha dunyo psixolog olimlari zamonga moslashtirib aytayotgan fikrlarning ildizi ulug` bobokalonlarimizning kitoblarida yaqqol aytib o`tilganiga shubha qilmasangiz ham bo`ladi. Shunday ekan, nega endi “dunyo psixologlari unday degan, dunyo olimlari bunday degan”, deb aytishimiz kerak. Yaxshisi, bobolarimiz bisotidan foydalanaylik.

Inson o`zi istagan narsalarni tortish kuchiga ega bo`lishi mumkin, lekin dinimiz arkonlariga muvofiq ulug` ajdodlarimizning fikricha, bunday darajalarga ruh pokligi bilan erishilsa, nur ustiga a`lo nur bo`larkan. Ruh pokligi kayfiyatga ta`sir etib, sizdagi kayfiyat o`zgalarga ham iliqlik bag`ishlashi turgan gap. Bir e`tibor qiling-chi, har bir o`tayotgan kuningizning bir-biridan farqli jihatlari nimada? Ba`zan bugungi kunim yaxshi o`tdi, desak, ba`zan hech ishim yurishmadi, deb nolib qolamiz. Aslida ishimiz yurishishi uchun kichik, ammo muhim omillarni esdan chiqaramiz yoki erinchoqlik qilgan bo`lamiz, ya`ni erta tongdan uyg`onib, yaxshi niyatlar bilan ishni boshlashni. Xalqimizda “Erta turganning rizqini Xudo etkazadi” degan gap bor.

Demak, tong barokotidan bahramand bo`lishga qanchalik urinsak, kelajagimiz uchun nasiba olayotgan bo`lamiz. Shu o`rinda rizq va omadni keltiradigan jihatlarga shirin so`zli bo`lish, ochiq chehralik, insonlarga nim tabassum bilan boqish, xonadonni pokiza saqlash, idish tovoqlarni o`z vaqtida yuvish, hattoki chiroyli husni xat bilan yozish kabi amallar ham kirar ekan. Shuningdek, rizq-nasibani eng ko`p jalb qiluvchi amal, bu tonggi ibodat hamdir.Aynan mana shu amallar yuqorida aytilganidek, ruh pokligi uchun qo`shiladigan hissalardan sanaladi.

Xo`sh, biz har kunimizda ushbu amallarning qaysi biriga ulgura olayapmiz?

Yaxshisi, bu savolni ko`zguga qarab, o`zimizga bera qolaylik shunda bizning e`tiborsizlik va dangasalikdan ishimiz yurishmayotganini, iste`dodimiz yuzaga chiqmayotganini avval boshqalar emas, o`zimiz anglab olamiz. Istagan narsamizni o`zimizga jalb qilish haqida-ku o`ylamay qo`ya qolaylik.

To`g`ri, bugungi dunyo olimlar inson o`z istagini o`ziga tortib olish kabi jihatlarga biz keltirgan axloqiy va diniy amallarni sanab o`tmagandir, aks holda ularning olimligi bobokalonlarimizning kitoblaridan ko`chirma fikrlar ekanini butun dunyo anglab oladi. Shusiz ham ajdodlari zakovatli yurt farzandlari sifatida Evropa olimlarining mulohazalari ildizini biz anglab borayapmiz.

Darhaqiqat, buyuk alloma Ibn Sinoaytganidek, “Yashashdan murod — ezgulik” shiori ostida faoliyat yuritish, ijod qilish, fan ufqlariga intilish olimning ma`naviy burchidir”. Balki ilmiy salohiyat tomondan olim emasdirsiz, ammo siz o`z ustingizdan olim ekanligingizni unutmang. O`zini kashf etgan va o`z “meni”ni bila olgan insonni kerak bo`lsa, ilm olimidan ham yuksakroqqa loyiq deb bilishadi, bu haqiqat. Yo`qsa, xalqimiz orasida “Olim bo`lma, odam bo`l” kabi ibratli so`zlar bugunga qadar etib kelmagan bo`lardi.

Shu o`rinda, ulug` bobomiz Amir Temur davlat rahbari sifatida "Kuch-adolatdadir" degan yuksak maqsadli shiori bilan erishgan yutuqlariga e`tibor qiling.

Darhaqiqat, ma`lum bo`ladiki, etuklikka intilishda shior insonning kelajak dasturil-amalidir. Siz ham o`z shioringiz uchun qanday ezgu so`zlarni biriktirishga va shu so`zlar ortidan salohiyatingizni namoyish etishga qodir ekanligingizni anglab, o`zingizni anglatguvchi va kelajakka turtki bo`lguvchi shiorni tanlang va ruhingizni poklash yo`lidagi ko`plab jihatlarga e`tiborli bo`ling. Shundagina o`zingizga tortishingiz kerak bo`lgan ishlarga kuch sarflasangiz, barchasiga haminqadar erishasiz.

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1