2017 yilning 14 sentyabri soat 15:24 da O`zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimida avtoraqamni sotish bo`yicha birinchi bitim tuzildi.
Elektron savdolar yakuniga ko`ra, Jizzax viloyatida ro`yxatdan o`tkazilgan (25) E 070 EA avtomobil raqami 7 563 637,5 so`mga sotildi. Lotning boshlang`ich narxi 7 488 750 so`mni tashkil etdi. Bu haqda "O`zRTXB" AJ matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi 683-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy va yuridik shaxslarga avtotransport vositalari uchun ro`yxatdan o`tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to`lov stavkalari bo`yicha berishda “O`zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ axborot tizimida auksion o`tkazish tartibi to`g`risida Nizom” ga muvofiq savdo g`olibi 5 kun mobaynida tuzilgan bitim bo`yicha moliyaviy majburiyatlarni to`liq qoplashi va keyingi 10 kun davomida raqamni O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB bo`linmasida rasmiylashtirishi lozim.
Ayni paytda birjaning avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 841 ta avtotransport vositalari uchun ro`yxatdan o`tkazish davlat raqami belgilari, shu jumladan 635 ta – jismoniy shaxslar va 206 ta – yuridik shaxslar uchun qo`yilgan. Auksionga qo`yilayotgan respublikamizning barcha hududlarining avtoraqamlarini soni kundan kunga ortib bormoqda.
Eslatib o`tamiz, auksionlarni yakunlanlash muddati sotuvchining talabnomasi qo`yilgan paytdan boshlab eng kamida uch ish kunini tashkil etadi.






