2017 yil 14 sentyabr kuni Davlat bojxona qo`mitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun mazkur markazning kinologiya sohasida xalqaro hamkorlik borasida amalga oshiriyotgan chora-tadbirlari va ularning samarasiga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.
10-16 sentyabr kunlari Milliy kinologiya markazi Mustaqil davlat hamdo`stligiga a`zo davlatlar o`rtasida kinologiya sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilmoqda.
Muhim haftalik doirasidagi tadbirlarga MDH davlatlari bojxona xizmatlari rahbarlarining kinologiya faoliyati bo`yicha Huquqni muhofaza qilish bo`linmalari boshliqlari qo`mitasi Ishchi guruhining o`n ettinchi majlisi, MDH davlatlari bojxona ma`muriyatlari kinologiya xizmatlarining ko`pkurash bo`yicha VII musobaqasi, Narkotik vositalarni izlash uchun xizmat itlarini tayyorlashga yangi zamonaviy uslublarni tatbiq etish masalalalari bo`yicha amaliy seminar hamda O`zbekiston va Belarus bojxonasi kinologiya xizmatlari vakillarining ikki tomonlama ishchi uchrashuvlari kiritilgan.
Mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun poytaxtimizga Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog`iston va Qirg`izistondan vakillar tashrif buyurishdi.
Haftalikning yorqin tadbirlaridan biri MDH davlatlari bojxona ma`muriyatlari kinologiya xizmatlarining ko`pkurash bo`yicha VII musobaqasi bo`lib, 14 sentyabr kuni ushbu bellashuvning tantanali yopilishi va g`oliblarni taqdirlash marosimi ham bo`lib o`tdi.
Milliy kinologiya markazi va Oliy harbiy bojxona institutining amaliy mashg`ulotlar maydonida 3 kun davomida bo`lib o`tgan mazkur musobaqada 13 nafar kinologlar o`z xizmat itlari bilan bagaj va qo`l yukida, engil va yuk avtotransport vositalarida, xonalarda giyohvand vositalarni qidirish, buyruqlarga bo`ysunish kabi bir nechta yo`nalishlarda o`z mahoratlarini sinovdan o`tkazishdi.
Kinologlarning professional tayyorgarligiga baho berilgan mazkur musobaqalar shunchaki bellashuv emas, balki xizmat itlarini tayyorlashda yangi bilim va ko`nikmalarni namoyish qilishning o`ziga xos maydonchasi vazifasini ham bajardi deyish mumkin.
Narkotik vositalarni bagajlarda izlab topishda Qirg`iziston, engil avtomashinalardan izlab topishda O`zbekiston, yuk avttomashinalari, bino va inshootlarda izlab topishda esa Rossiya kinologlari tengsiz ekanligi isbotlashdi.
Yakuniy natijalarga ko`ra, “Qora”, “Maykl” va “Kviks” laqabli xizmat itlari bilan musobqada ishtirok etgan 3 nafar kinologdan iborat O`zbekiston jamoasi 1 o`rinni qo`lga kiritdi.
Ayniqsa, Sadriddin Ibragimov o`zining “Qora” laqabli xizmat iti bilan shaxsiy ko`rsatkichlariga ko`ra eng yuqori ballni jamladi. Shuningdek, ushbu it egasiga itoatkorligi va buyruqlarni aniq bajarishi bilan ham mehmonlar e`tiborini qozondi.
Musobaqa jadvalining keyingi o`rinlarini esa Rossiya va Belarusdan kelgan kinologlar zabt etishdi. G`oliblarni taqdirlashga bag`ishlangan tantanali marosim davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlandi va faxriy qorovul saf tortdi.
Tadbirda so`zga chiqqan Davlat bojxona qo`mitasi Raisi o`rinbosari M.Saliev kinologlarning musobaqadagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi va erishgan yutuqlari bilan qizg`in muborakbod etdi. Marosim davomida g`oliblarga musobaqa Kubogi, diplom va medallar hamda esdalik sovg`alari tantanali ravishda topshirildi.
Ta`kidlash joizki, haftalik davomida Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston kinologiya xizmatlari rahbarlarining ishtirokida “Giyohvand moddalarni qidirishda xizmat itlarini yangi zamonaviy uslubda tayyorlash va bojxona organlarining kinologiya xizmatiga tadbiq etish” mavzusida bo`lib o`tgan amaliy seminar ham haftalikning eng muhim tadbirlaridan biri sifatida e`tirof etildi. Mazkur muloqot kinologiya sohasida yangi zamonaviy bilimlarni o`zaro o`rtoqlashish va tajriba almashishda muhim rol o`ynashi, shubhasiz.
Hafta yakunida esa MDH davlatlari bojxona xizmatlari rahbarlarining kinologiya faoliyati bo`yicha Huquqni muhofaza qilish bo`linmalari boshliqlari qo`mitasi Ishchi guruhining o`n ettinchi majlisi bo`lib o`tdi. Unda o`zaro hamkorlikka oid muhim tashkiliy masalalar ko`rib chiqildi.
Milliy kinologiya markazining xalqaro hamkorlik bo`yicha faoliyatida ikki tomonlama muloqotlar tobora muntazamlik kasb etib bormoqda. Shu jihatdan olib qaralganda, tadbirlar mundarijasiga kiritilgan O`zbekiston va Belarus bojxonasi kinologiya xizmatlarining ikki tomonlama uchrashuvi ham samarali kechishi kutilmoqda.
Haftalik madaniy tadbirlarni ham o`z ichiga olgan bo`lib, mehmonlar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy memorial majmua hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat opera va balet katta akademik teatriga ham tashrif buyurishadi. Shuningdek, poytaxtimizning diqqatga sozvor go`shalari bo`ylab ekskursiyalar ham uyushtiriladi.
Matbuot anjumanida haftalikning borishi va yakunlari bo`yicha, shuningdek xalqaro hamkorlik borasida kelgusida rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida Milliy kinologiya markazi direktori A.Tursunov jurnalistlarga batafsil axborotlar berdi.





