1

KIM O`ZINI XUNUK DEYDI?

Mutolaa 15.09.2017, 18:09
KIM O`ZINI XUNUK DEYDI?

Darhaqiqat, har kim o`z ko`rinishidan o`zicha foydalanadi. Ayrimlar tashqi ko`rinishini ruhiyatiga moslab shakllantirsa, yana kimdir butunlay teskari: makkorlik, badxulqlik, behayolik kabi jihatlarni aynan go`zallik ortida saqlaydi.

Aqli raso kishilar ham borki, ular go`zallikning omad kaliti ekanini to`g`ri anglab etishadi va donishmandlar aytganidek, “Go`zallikni o`zingga chaqir va go`zal xulqlar da`vatini qil” qabilida ish yuritishadi.

Tashqi ko`rinish insonning qiziqishlarini, atrofga bo`lgan munosabatini, madaniyatini oshkor qiluvchi vosita hamdir. Palapartish kiyingan kishini garchi u tanishingiz bo`lsa ham, ko`p hollarda hush kayfiyat bilan qabul qilish qiyin. Juda bo`lmasa, unga madaniyat bilan kiyinish yuzasidan “ma`ruza” boshlashingiz tayin. Ba`zan bachkana va yupun kiyingan kishilarga achinish ko`zi bilan qarashadi.

Aslida esa ular boshqalarni unchalik nazarga ilmaganligi uchun palapartish kiyinadi deb baholash kerak ekan.

Tashqi ko`rinish, ochiq chehralik nafaqat ayollarga, balki erkaklar uchun ham juda muhim ahamiyatli va muvaffaqiyatlarga erishishdagi zarur omillardan biridir. To`g`ri, gohida haqiqatdan ham sharoiti etarli bo`lmagan kishining nobop va kir kiyimlarni kiyganiga guvoh bo`lamiz. Ammo insonning sharoiti etarli emasligi uning kiyimlarini kir holatda kiyishi uchun oqlovchi omil bo`la olmaydi. Shunday ekan, mayli bisotingizda ikki yoki uchta ko`chaga chiqishda kiyiladigan libosingiz bo`lsa ham, ozoda saqlab foydalansangiz, shuning o`zi pokiza va saranjomligingiz haqida etarlicha xulosa beradi.

Yana bir jihat, tashqi ko`rinish insonning shaxs sifatidagi imkoniyatini o`zi tomonidan taqdirlanishidir. Masalan, siz o`zingizni yuksak hurmatga arziyman deb hisoblasangiz, shunga yarasha ko`rinib, o`zingizni tutishga urining. Bu bilan insonning tashqi ko`rinishiga qarab baho berish yaxshimas, demoqchimisiz? To`g`ri, ammo o`zini sevmay turib o`zgalarga sevdirish oson emasligi ma`lumku.

Har qalay, yupun keyingan kishi hurmatga noloyiq deyishdan yiroqmiz. Yodingizda bo`lsin, eng so`nggi urfdagi liboslarni keyib ham zarracha e`tiborda bo`lmagan kishilar atrofingizda yo`q emas. Demak, avvalo xulq-atvor chiroyli bo`lmasa, qolgani shunchaki kamchiliklarni to`ldiruvchi va yashiruvchi vositadir.

Chiroyiga non botirib eysanmi?”

Hamisha tozalikni qadrlovchi inson istaysizmi-yo`qmi, atrofida ham o`ziga javob bera oladigan kishilar bo`lishini xohlaydi. Xuddi tanishingiz yoki qo`shningiz o`z o`g`li yo qizini “U chiroyli emas”, degan injiqligiga chidab uylantira olmayotgan yoxud turmushga bera olmayotgani kabi... Shunday paytda onalarimiz va buvilarimiz tomonidan aytilishi aniq bo`lgan “Chiroyiga non botirib eysanmi?..” qabilidagi gaplar sizni hoyu-havasdan etarlicha uzoqlashtiradi. Yigit-qizni ham tushunish kerak, axir juftining istarali bo`lishini xohlamaydigan inson bo`lmasa kerak.

Ammo hayot davomidagi tashqi o`zgarishlar o`sha paytda yoshlarning xayoliga ham kelmaydi, ammo duch kelgach,ko`nikadi. Shunday bo`lsa-da, go`zallikka oshno qalb go`zal bo`lib qolaveradi. Keling, bir o`ydab ko`ringchi siz go`zallik nima ekanligini tushunasizmi o`zi?

Tushunaman deyishga shoshilmang, chunki siz xushro`y emas deb bilgan insonlarni kimlardir ardoqlab yurishiga guvoh bo`lmaganmisiz? Albatta ko`rgansiz, shunda hayrat bilan ham qaragansiz — “Shu odam yonidagi insonning ko`ziga chiroyli ko`rinsa kerak-da?” deb. Demak, tashqi go`zallik umumiy tushuncha bera olmaydi.

Haqli savol tug`iladi unda haqiqiy go`zallikni qanday bilish mumkin? Bu haqda ulug` yozuvchi Lev Tolstoy o`zining “Bolalik, o`smirlik, yoshlik” kitobida boplab ta`rif beradi: “Mening nazarimda yuzning go`zalligi faqat tabassumga bog`liq: agar tabassum yuzning ko`rkamligini orttirsa, u yuz go`zal; tabassum yuzni o`zgartirmasa, u oddiy yuz; agar u yuzni buzsa, u holda bu xunuk yuz”.

Mana sizga inkor etib bo`lmaydigan tashqi go`zallik ta`rifi. Lekin qalb go`zalligi haqida bunday deyish noo`rin.

“Meni yaxshi ko`radiganlar son-mingta...”

Anglaganingizdek, ma`nosida manmanlikni yashira olmaydigan ushbu so`zlar asosan qaysidir ma`noda o`zini go`zal sanovchi qizlar tomonidan ko`proq ishlatiladi. Inkor etish qiyin qaysidir ma`noda o`zini ko`rkam sanagan qizlarni qaysidir ma`noda yaxshi ko`radiganlar son-mingta bo`lishi tabiiy. Ammo shu o`rinda quyidagi misralar yodga tushadi:

Malohatning o`zi kamdir, gar bo`lmasa xush, aql,

O`n oshiqning dili bo`lma, bir oshiqning guli bo`l.

Xushbichim ko`rinish har qanday kishini e`tiborga molik qilishi turgan gap. Lekin bu atrofga yuqori nazar bilan qarash degani emas. Aksincha, dilida samimiylikni shakllantirgan ko`rkam insongina istarali va nurli sanaladi. Hattoki bunga amin bo`lgan V.Gyugo: “Ichki go`zallik bilan yo`g`rilmagan hech qanday tashqi husn mukammal bo`la olmaydi” deya ta`kidlagan ekan.

Go`zallik tushunchasi har kimning ma`naviy kelib chiqishiga zamonaviy til bilan aytganda, ongi tanlagan standartlarga bog`liq desak, adashmagan bo`lamiz.

Istarali insonlarni nisbiy qiyoslash orqali ham ko`rkamlik va go`zal xulqning chegarasi yuqligini anglashimiz mumkin. Misol uchun, afrikalik eng go`zal qora tanli ayol bilan xitoylik qisiq ko`zli ayol qiyosini nisbatlay olib, chin dildan chiroyli sanay olasizmi? Tilingiz bilan dilingizda bo`lmagan gapni aytishni istamasangiz, “O`zlari uchun chiroyli bo`lsa kerak” deyishingiz mumkin, xolos.

Ha, yodingizga tushgan o`sha ibora hammasiga javob bo`la oladi: “Har kimniki o`ziga, oy ko`rinar ko`ziga”. Aslida inson xunuk bo`lmaydi, aksincha uning xulqi xunuk bo`lishi mumkin. Siz tashqi tomondan xunuk deb bilgan inson esa shunchaki sizning chiroy borasidagi qarashlaringiz, ya`ni ko`zingiz standartlariga mos kelmaydi, vallasom. Xuddi afrikalik va xitoylik eng go`zal xonimlardan “hayratlanganingiz” kabi.

Keling, didingiz va qarashlaringizga mos kelmaydigan kishini ko`rganingizda o`zingizda hayrat bilan qanday tuyg`ularni kechirishingizni tahlil qilamiz.

  • O`rtacha ko`rinishdagi kishi.
  • O`zgaruvchan ko`rinishdagi kishi.
  • Qarashingizga zid kishi.
  • Ko`rkam kishi, to`g`rirog`i, didingizdagi kishi.

Siz shunday kishilarni ko`rganingizda, unga odatiy va hech qanday tuyg`ularni ishga solmay muomalada bo`lasiz. Biror yumush bilan murojaat qilsa, lozim topsangiz hal qilishga, lozim topmasangiz, muhim bo`lmagan ish sifatida qaraysiz. To`g`rirog`i, oddiy va o`rtacha samimiy munosabatni ma`qul ko`rasiz.

Bunday kishilardan tanishingiz bo`lsa, uni nigohingiz aynan ko`rgan vaqtingizda qaysi tomondan qabul qilsa, o`sha tomondan muomala qilishga urinasiz. Ko`zingizga xunuk bo`lib ko`rinsa, sovuqqina munosabat, mobodo o`ziga xos joziba bilan ko`rinsa, tilingizda bo`lmasa ham dilingizda “O`zgarib qolibdimi?” deya xushomad qilib qo`yasiz. Ha, albatta shunday paytda biror yumush bilan murojaat qilib qolsa, toki fikringiz o`zgarmaguncha o`z ishlarini bitirishga erishib qoladi.

Demak, bu — siz xunuk deb qarovchi, to`g`rirog`i, yonidan o`tsangiz, iloji bo`lsa ko`rmay qolsaydi, degan kishi. Ularning xulqi atrofdagilarning munosabati bilan tez o`zgaruvchan sanaladi. Shuning uchun siz ularga bee`tibor va qo`pol muomalada bo`lsangiz, albatta o`sha zahoti javob olasiz va bunda “salomingizga yarasha alik” olgani uchun avval o`zingizdan emas, aybni undan qidirasiz.

Agar biror yumush bilan murojaat qilsa bormi, shunday ishonarli bahonalarni qalashtirib, o`zingizdan uzoq tutishni istaysiz. Dilingizdan o`tadigan gapni aytaymi — “Ko`rinishidan ma`lum qanaqa odamligi”.

Bunday kishini ko`rganingizda, agar u tanishingiz bo`lsa, bir zumda u bilan avvalgi munosabatingizdagi dilingizga yoqqan jihat yodingizga tushadi va siz jilmayib qo`yasiz.

Unga o`zingizda bo`lmagan yumush va mulohazalarni ham aytishga urinasiz. Hatto u sizga biror yumush bilan murojaaat qilsa, garchi u qo`lingizdan kelishi dargumon bo`lsa ham, bajonidil hal qilishga kirishasiz va o`zingizni har qanday ishga qodir qilib ko`rsatasiz. Bordi-yu uning murojaatini hal qilib berolmasangiz, o`zingizni chin dildan aybdor his qila boshlaysiz. Agar begona bo`lsa, tabiiyki, tanishishga urinasiz yoki tanishishni orzu qilib qolaverasiz.

Yuqoridagi ta`riflagan tuyg`ularni balki tashqi tomondan yashirishga urinarsiz, lekin bu sizning tarbiyaviy hamda ma`naviy jihatingizga qarab dilingizda shakllanuvchi tuyg`ular ekanini tan oling. Shunday kishilar ham yo`q emaski, ular uchun juda xunuk ko`ringan kishiga nisbatan yoki qo`rquv yoki masxara bilan qarashga o`rganib qolishgan.

Darhaqiqat, bunday kishilarga quyidagicha savol berish kerak: Siz naqsh ustidan kulyapsizmi, Naqqosh ustidanmi?(Naqqosh — Yaratguvchi Tangri, naqsh — inson va yaralgan boshqa mavjudotlar)...

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1