AsosiyJamiyat

​PREZIDENT QARORI BILAN NODAVLAT TA`LIM MUASSASALARI FAOLIYaTI RIVOJLANTIRILADI

'​PREZIDENT QARORI BILAN NODAVLAT TA`LIM MUASSASALARI FAOLIYaTI RIVOJLANTIRILADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori imzolandi.

Xorijiy tajribalar davlat va nodavlat ta`lim muassasalari o`rtasida sog`lom raqobat fuqarolarning sifatli ta`lim olishga bo`lgan huquqini ro`yobga chiqarishga xizmat qilishini ko`rsatmoqda.

Shuning uchun ham bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta`lim sektorining umumiy o`rta ta`limdagi ulushi yuqori bo`lib, Germaniyada 12 foizni, Fransiyada 17 foizni, AQShda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi.

Hozirgi kunda respublikada 43 ta nodavlat umumiy o`rta ta`lim maktabi tegishli lisenziyaga ega bo`lib, xalq ta`limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Nodavlat umumiy o`rta ta`lim maktablarining aksariyat qismi (27 ta) Toshkent shahrida joylashgan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida birorta nodavlat maktabi tashkil etilmagan.

Faoliyat ko`rsatayotgan nodavlat ta`lim muassasalaridan 20 tasi boshlang`ich ta`lim (1-4-sinflar), qolgan 23 tasi umumiy o`rta ta`lim (1-9-sinflar) bosqichlariga mo`ljallangan, ulardagi 330 ta sinfda 6 mingga yaqin o`quvchi ta`lim-tarbiya oladi (davlat maktablari kontingentiga nisbatan 0,12%).

YuNESKO va DGP Research & Consulting konsalting tashkiloti hamkorligida jalb etilgan xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan milliy ta`lim tizimini kompleks o`rganish bo`yicha o`tkazilgan tahlillarda ta`lim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy ta`lim sektorini rivojlantirishga ustuvor yo`nalish sifatida e`tibor qaratish zarurligi alohida ta`kidlab o`tilgan.

Mavjud muammolarni amaliy bartaraf etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan nodavlat ta`lim muassasalariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish va avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ta`lim va unga tegishli xizmatlar bo`yicha barcha soliq turlari to`lovlaridan 2021 yilgacha ozod etish, fanlarni chet tilida chuqurlashtirib o`qitish va bu orqali ta`lim sifatini oshirish maqsadida ta`lim jarayoniga xorijlik o`qituvchi va mutaxassislarni keng jalb etish nazarda tutilgan.

O`z navbatida, nodavlat ta`lim muassasalariga taklif etilayotgan xorijlik o`qituvchi va mutaxassislarga viza berish, aviatransport, turar joy, mehnatiga munosib haq to`lash va soliqlardan ozod qilish kabi masalalar ham o`z echimini topgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o`quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo`lmagan holda ta`lim xizmatlarini ko`rsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o`qitish belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda o`rnatilgan tartibda akkreditasiyadan o`tkazilgan nodavlat ta`lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta`lim to`g`risidagi hujjat berish huquqi nazarda tutilgan.

Yuqorida ko`rsatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha tegishli tartib va me`yoriy-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish topshiriqlari berilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining qabul qilinishi xalq ta`limi tizimida sog`lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, xorijiy o`qituvchilarni jalb qilish yo`li bilan aniq va tabiiy fanlar, chet tillarni chuqurlashtirib o`qitish va bu, o`z navbatida, yoshlarning dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassis kadr sifatida jahon hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzini oshirishiga, barkamol inson bo`lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Qaror nodavlat ta`lim muassasalari sektori kengayishi, respublikaning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta`lim xizmatlaridan foydalanishda tanlovga ega bo`lishi, yoshlarga munosib ta`lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o`z zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo`llab-quvvatlaydi.

Qarorning to`liq matni O`zAda keltirilgan.

    Boshqa yangiliklar