AsosiyDunyo

Tailand fuqarosi “iPhone”ni zaryadlovchi qurilmadan o`ldi

28yoshli tailandlik fuqaro Pisit Charnglek o`z uyida o`lik holda topilgan.

Polisiyachilarning so`zlariga ko`ra, u karavotda yotgan bo`lib, qo`lida zaryadlash qurilmasiga ulangan "iPhone 4S” apparati bo`lgan. Uning qo`llari va ko`kragida bir nechta kuygan joylar borligi aniqlangan.

Dastlabki ma`lumotlarga qaraganda, o`lim zaryadlovchi qurilmadagi elektr toki urishi natijasida yuz bergan, deb yozadi “The Bangkok Post”. Yigitning jasadini voqea sodir bo`lganidan keyin ertalab uning otasi topgan. Otaning so`zlariga ko`ra, u yakshanba kuni kechqurun soat 11 lar atrofida o`g`lining qichqirig`ini eshitgan, biroq bunga e`tibor bermagan, chunki u uyqusida tez-tez gapirib turgan. O`limning aniq sabablari jasad yorib ko`rilganidan keyin ma`lum bo`ladi.    

Esltib o`tamiz, bu zaryadlovchi qurilma o`limga olib kelgan birinchi voqea emas. 2013 yil iyul oyida zaryadlovchi qurilmaga ulangan “iPhone 5” orqali gaplashayotgan xitoylik 23 yoshli styuardessa Ma Aylyun ham elektr toki urishi natijasida nobud bo`lgandi. O`shanda marhumaning qarindoshlari “Apple”ni sudga berishi haqida ma`lum qilgan, biroq olib borilgan tergov ishlari ayol boshqa zaryadlovchi qurilmadan foydalangani uchun halok bo`lganini aniqladi. 

Taxminan o`sha paytda pekinlik fuqaro ham o`z “iPhone 4”ni zaryadlashga urinayotgan paytda tok urib o`lishiga sal qolgan. U kasalxonada o`n kundan ortiq koma holatida yotadi. O`shanda ham smartfon uchun zaryadlovchi qurilma “Apple”ning rasmiy mahsuloti bo`lmagani aniqlandi.

Matbuotning qayd etishicha, smartfonlar uchun qalbaki zaryadlovchi qurilmalarni Xitoyda bor-yo`g`i 4 yuanga (65 Amerika senti) sotib olish mumkin, "Apple”ning qonuniy mahsuloti esa 150 yuanga yaqin turadi. 

    Boshqa yangiliklar