18 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida “Tibbiy patronaj: aniq hudud, aniq muddat va aniq shaxsga qaratilgan xizmat” mavzusida matbuot ajnumani o`tkazildi.
Unda Sog`liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, boshqarma boshliqlari, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Tadbir davomida vazirlik tizimida tibbiyotning birlamchi bo`g`inini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, tibbiy patronaj xizmati bilan aholini qamrab olish yo`nalishlari, olib borilgan sa`y-harakatlar natijasi va istiqbol rejalar xususida batafsil ma`lumot berildi.
Joriy yilning 13 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o`tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas`uliyatni oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko`ra, biriktirilgan hududda oilalarning to`liq patronaj bilan qamrab olinishini ta`minlayotgan va o`z faoliyatining ijobiy pirovard natijalariga, shu jumladan, kasallikka chalinish pasayishiga, go`daklar va onalar o`limi bo`lmasligiga erishgan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot vrachlariga tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizigacha miqdorda har oylik shaxsiy ustama belgilandi, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.






