AsosiyJamiyat

​TOShKENTDA AKT HAFTALIGI BOShLANDI

'​TOShKENTDA AKT HAFTALIGI BOShLANDI'ning rasmi

Bugun Toshkentda «ICTWEEK Uzbekistan –2017» an`anaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligi start oldi.

AKT tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar, aloqa va axborotlashtirish sohalarida qo`lga kiritilgan so`nggi yutuqlar taqdimotini o`z ichiga olgan mazkur haftalik 22 sentyabrga qadar davom etadi.

AKT haftaligini 19 sentyabrda bo`lib o`tadigan «ICTSUMMIT – 2017» axborot-kommunikasiya texnologiyalari sammiti ochib beradi. Unda raqamli iqtisodiyot trendlari, global raqamli transformasiyasi doirasida AKTning fundamental rivojlanishi, keng polosali internetdan foydalanishning AKT infratuzilmasiga ta`siri, «4.0 industriyasi», raqamli iqtisodiyotda sun`iy intellektning o`rni kabi masalalar muhokama qilinadi. Sammit ishida AKT, tijorat, moliya va iqtisodiyot sohalarida taniqli bo`lgan xorijiy mutaxassislar va olimlar ishtirok etadi.

Tadbir doirasida, shuningdek, «CIOSUMMIT» joy olgan bo`lib, unda buyumlar interneti uchun platforma (IoT), mashina ta`limi, raqamli transformasiyaga bag`ishlangan ma`ruzalar, cio.uz loyihasi taqdimoti bo`lib o`tadi.

19-21 sentyabr kunlari Toshkentda o`tkaziladigan «ICTExpo – 2017» axborot-kommunikasiya texnologiyalari milliy ko`rgazmasi haftalik doirasidagi eng yorqin tadbirlardan biri bo`ladi.

Haftalik davomida «ICT FORUM – 2017» tadbiri ham o`tkazilishi rejalashtirilgan. Forum yig`ilishlari doirasida bulutli servislar o`zaro aloqasini yaxshilash uchun bulutli texnologiyalardan foydalanish, mobil o`qitish va ta`limning istiqboli, sun`iy intellekt va kiber xavfsizlik kabi mavzular yoritiladi.

O`zbekistonda ilk bor Xalqaro elektr aloqalar ittifoqining «IoT» buyumlar interneti yo`nalishida kiber xavfsizlikning muhim jihatlariga bag`ishlangan hududiy seminar ham bo`lib o`tadi. Unda mamlakatimiz mutaxassislari bilan birga, Moldova, Ukraina, Qozog`iston, Rossiyadan ma`ruzachilar, mashhur xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.

    Boshqa yangiliklar