AsosiyJamiyat

​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV XALQARO VALYuTA JAMG`ARMASI FARMOYISh BERUVChI DIREKTORINI QABUL QILDI

'​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV XALQARO VALYuTA JAMG`ARMASI FARMOYISh BERUVChI DIREKTORINI QABUL QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg`armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, Xalqaro valyuta jamg`armasi jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning yaxshilanishida muhim o`rin tutayotganini ta`kidladi, deya xabar beradi O`zA.

Jamg`arma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo`llab-quvvatlamoqda. Joriy yil may oyida O`zbekiston delegasiyasi Xalqaro valyuta jamg`armasida valyuta siyosatini isloh qilish bo`yicha uchrashuv o`tkazdi. Iyul va sentyabr oylarida Jamg`arma ekspertlari O`zbekistonga tashrif buyurib, vazirlik va idoralarda iqtisodiy islohotlar bo`yicha fikr almashdi.

Jamg`arma farmoyish beruvchi direktori 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq iqtisodiy va tarkibiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bilan davlatimiz rahbarini qutladi.

Prezidentimizning 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoniga muvofiq valyuta muomalasida bozor mexanizmlari joriy etilgani sohadagi ma`muriy to`siqlarni bartaraf etdi, biznes vakillari uchun teng sharoitlar yaratdi.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoev rahbarligida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar jarayonida iqtisodiyot va ijtimoiy hayot barqarorligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor ekanini ta`kidladi.

Uchrashuvda valyuta islohoti jarayonida davlat organlari va tijorat banklarini qo`llab-quvvatlash, savdodagi tariflarni kamaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so`z yuritildi. Davlat byudjetini profisit bilan bajarish, soliq ma`murchiligi va davlat statistikasi sohasini tubdan yaxshilash, bank tizimining barqarorligini ta`minlash, tashqi savdo siyosatini erkinlashtirish kabi navbatdagi vazifalarga e`tibor qaratildi.

O`zbekiston bilan Xalqaro valyuta jamg`armasi hamkorligini kengaytirish, mamlakatimizda ishbilarmonlik va investisiya muhitini takomillashtirish masalalari bo`yicha fikr almashildi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg`armasi texnik ko`maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo`yicha tavsiyalar berish orqali O`zbekiston moliya tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Boshqa yangiliklar