AsosiyJamiyat

​BMT BINOSIDA REGISTON MAYDONINING MAKETI O`RNATILDI

'​BMT BINOSIDA REGISTON MAYDONINING MAKETI O`RNATILDI'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga O`zbekiston Respublikasining tuhfasi – Registon maydonining maketi topshirildi, deya xabar beradi O`zA.

Shu munosabat bilan o`tkazilgan marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi va nutq so`zladi.

Tadbirda BMT Bosh kotibi o`rinbosari Jen Bigl, Bosh Assambleya sessiyasiga kelgan diplomatlar, BMT axborot markazi xodimlari qatnashdi.

Insoniyat sivilizasiyasi beshiklaridan biri bo`lgan mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat, savdo, me`morlik, hunarmandlik azaldan rivojlangan. Buyuk ipak yo`lining markazida joylashgan Samarqandda turli o`lkalardan kelgan insonlar ahil-inoq yashagan. Registon esa ana shunday qadimiy va umumbashariy shaharning betakror ramziga aylangan. Majmua 2001 yilda YuNESKOning Jahon merosi ro`yxatiga kiritilgan.

Registon bugungi kunda ham dunyo sayyohlarini o`ziga tortmoqda. Bu erda o`tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali uning dovrug`i va xalqlar do`stligidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Registon maydonining maketi yurtimizning qo`li gul usta hunarmandlari tomonidan yasalgan bo`lib, qimmatbaho metall va go`zal milliy naqshlar bilan bezatilgan.

O`zbekistonning "tashrif qog`ozi" bo`lmish ushbu eksponatning BMT shtab-kvartirasining eng gavjum joylaridan biriga, BMT Xavfsizlik kengashi va Bosh Assambleya zallari o`rtasidagi foyega o`rnatilganida o`ziga xos chuqur ramziy ma`no bor, dedi davlatimiz rahbari.

BMT Bosh kotibi o`rinbosari Jen Bigl shunday go`zal va teran mazmunga ega tuhfa uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Marosim BMT kanallari orqali efirga uzatildi.

Boshqa yangiliklar