O`zbekiston tomonining taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Xavfsizlik kengashi Kotibi N.Patrushev boshchiligidagi Rossiya delegasiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida 2017 yil 20 sentyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi Xavfsizlik kengashlari apparatlari o`rtasida navbatdagi maslahatlashuvlar bo`lib o`tdi.
Muzokaralar chog`ida tomonlar O`zbekiston va Rossiya o`rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, huquqni muhofaza qilish va bojxona organlari, favqulodda vaziyatlar vazirliklari o`rtasidagi o`zaro aloqalar, shuningdek, harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini ko`rib chiqdilar. Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar joriy yilning 4-5 aprel kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni o`z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratdi.
Tashrif doirasida Rossiya delegasiyasining Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishishi, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirib, Buyuk Yo`lboshchimiz qabriga gul qo`yishi ko`zda tutilgan.






