Qashqadaryo viloyatida Hisor konlari guruhining yangi ob`ektlari ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti V.Alekperov ishtirok etdi.
"Janubi-G`arbiy Hisor" loyihasi doirasida yiliga 4,4 milliard kub metr gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega qurilma, gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi, oltita gaz yig`ish punkti ishga tushirildi. Ob`ektlarning ishga tushirilishi Hisor konlari guruhida gaz qazib olish hajmini yiliga 5 milliard kub metrga etkazish imkonini beradi.
Jahonning yirik neft-gaz korporasiyalaridan biri bo`lgan "Lukoyl" mamlakatimizda istiqbolli konlarni qidirish, o`zlashtirish va uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga chiqarish kabi qator investisiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Ta`kidlash joizki, Janubi-G`arbiy Hisor va Usyurt mintaqasi hududiga oid 36 yilga mo`ljallangan mahsulot taqsimlash bitimi 2007 yilning aprelida kuchga kirgan. "Lukoyl" “Janubi-G`arbiy Hisor” loyihasiga 2008 yilning mart oyida qo`shilgan.
2011 yil oxirida Jarquduq-Yangi Qizilcha konlarida ilk gaz qazib olindi. 2014 yil oktyabr oyida “Hisorni to`liq rivojlantirish” loyihasi bo`yicha Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq-Yangi Qizilcha gaz-kondensati konlarini loyihalash, etkazib berish va qurish bo`yicha to`liq foydalanishga topshirilishini ko`zda tutuvchi shartnoma imzolandi.
Asosiy texnologik va ishlab chiqarish ob`ektlarini qurish, ishga tushirish va sozlash ishlari 2017 yil iyul oyida yakunlangan. Loyiha doirasida 300 kilometr yuqori kuchli elektr uzatish liniyalari, ikkita elektr podstansiyasi, 126 kilometr avtomobil yo`li barpo etildi. 64 ming kub metr beton quyildi, 12 ming tonna metall konstruksiyalar va 4 ming tonnaga teng uskunalar o`rnatildi, 286 kilometr teng liniyali quvurlar yotqizildi, deya xabar beradi O`zA.






