2017 yil 25 sentyabrdan O`zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi (Lex.uz) normativ-huquqiy hujjatlar e`lon qilinadigan rasmiy manba maqomiga ega bo`ldi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 8 fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan.
Hozirda o`zbek va rus tillaridagi 42 mingdan ortiq hujjat jamlangan ushbu bazadan ro`yxatdan o`tgan foydalanuvchilar soni 60 mingga yaqinlashdi. Bir kunda ushbu bazadan 13 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxs bepul foydalanmoqda.
Bu bazadan nafaqat O`zbekiston, balki AQSh, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Norvegiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarning fuqarolari ham foydalanadi.
O`zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi (Lex.uz) veb-sahifasining Facebook.com ijtimoiy tarmog`ida sahifasi ochildi.
Hozirda aholi o`rtasida keng tarqalgan “Telegram” messendjerida ham Lex.uz sahifasi joylashtirildi. Unda yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni avtomat ravishda etkazish bo`yicha maxsus kanal ishga tushirildi. Ushbu kanalga “Telegram” messendjeridan t.me/lexuzofficial manzili orqali kirish mumkin.






