02.12.2013 16:29
2016 yilgacha Qarshida $75,1 mlnlik loyiha amalga oshiriladi
Shundan qiymati 8,9 million AQSh dollariga teng 49 ta istiqbolli loyiha 2013 yilda to`liq amalga oshirilishi ko`zda tutilgan, bu haqda viloyat xokimligi matbuot xizmati xabar beradi.
Xarajatlarning 3,7 million dollari tashabbuskorlarning o`z mablag`lari, 5,6 million dollari bank kreditlari va 1,2 million dollari xorijiy sarmoyalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida Qarshi shahrida joriy yilda 729 ta yangi ish o`rni yaratiladi.
2013 yilda dasturda ko`zda tutilgan loyihalardan 13 tasi oziq-ovqat mahsulotlari, 23 tasi qurilish materiallari, 13 tasi boshqa turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo`nalishida amalga oshirilishi belgilangan.
Noyabr oyi holatiga ko`ra, 47 ta loyiha ustida olib borilgan ishlar to`liq yakunlanib, joylarda ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. Yil so`ngiga qadar yana 2 ta loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilgan 3 ta loyiha kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`zda tutadi. 2 ta loyihaga ko`ra, sutni qayta ishlash yo`lga qo`yildi. Hududda 7 ta loyihaning hayotga tatbiq etilishi natijasida non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kengaydi.
2014 yilning birinchi choragida amalga oshirilishi belgilangan bitta, 2015 yilning ikkinchi choragiga qo`yilgan yana bitta loyiha muddatidan avval hayotga tatbiq etilib, shu yilning o`zidayoq mahsulot bera boshladi. Ularda qiymati 50 ming dollarlik alyumin eshik va rom, vitrajlar hamda 100 ming dollarlik plastmassa yashiklar ishlab chiqarish liniyalari o`rnatilgan.