Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegasiyasi 30 sentyabr kuni Samarqandda bo`lib, muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi.
Mehmonlar dastlab Xo`ja Doniyor maqbarasini ziyorat qildi.
Ushbu tabarruk majmuani bir necha din vakillari ziyorat qiladi. Samarqandga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar, nufuzli delegasiyalar bu erda bo`lishni o`zlari uchun sharaf, deb biladi.
Moskva Patriarxati delegasiyasi qadamjoning yaratilish tarixi va keyingi yillarda bu erda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ibodat amallarini ado etdi. Mamlakatimizda vijdon erkinligi ta`minlangani, barcha din vakillarining o`z diniy qadriyatlarini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta`kidlandi.
Shundan so`ng mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo`yib, hurmat bajo keltirdi.
Majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari, mahobatli maqbara, milliy uslubdagi ayvon va boshqa inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu ko`rkam obida xalqimizning buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirasiga bo`lgan yuksak hurmat-ehtiromining ifodasi ekani ta`kidlandi.
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi delegasiya a`zolari, shuningdek, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug`bek rasadxonasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy obidalarni ham tomosha qildi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qadimiy inshootlarni asrab-avaylash va ularni kelgusi avlodlarga etkazish borasidagi ishlarga yuksak baho berdi.
Samarqand shahridagi Aleksey soborida Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill ishtirokida tantanali marosim o`tkazildi. Unda rossiyalik mehmonlar hamda xristian diniga e`tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Viloyat musiqali drama teatrida Rus pravoslav cherkovi xor jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.