— Bir yarim yoshli qizimning so`lagi juda ko`p ajralayapti. Tishlari chiqib bo`lgan, hech qaeri bezovta qilmaydi. Nega so`lagi ko`payayotganini tushunolmayapman.
Yu.Qambarova, Surxondaryo viloyati
Magina ARTIKOVA, shifokor-pediatr:
— So`lak ko`payishi, so`lak yo`llaridagi yallig`lanish, til, og`iz bo`shlig`idagi turli infeksiyalar sabab yuzaga kelishi mumkin. Sitrus mevalarni ko`p iste`mol qilish, stomatit, tish kasalliklari yoki nevrologik o`zgarishlarda ham so`lak ajralishi faollashadi. Me`da faoliyati buzilishi sodir bo`lganida ham, so`lak miqdori ortishi mumkin. Muammo nimada ekanligini aniqlash uchun pediatr va otolaringolog singari mutaxassislar ko`rigi zarur. So`lak ajralishiga sabab bo`layotgan omil aniqlangach, shunga ko`ra parhez yoki zaruriy muolaja buyuriladi. Ayrim onalar, so`lak ajralishi ortganda bolaning sovug`i oshgan, deb novvot yoki asal choy berishadi. Bilib-bilmay bu kabi muolajaga murojaat qilish turli allergik toshmalar yoki oshqozon faoliyatining buzilishiga olib kelishi hech gap emas.






