“O`zbekiston temir yo`llari” AJ Toshkent – Bekobod - Toshkent – yo`nalishi bo`ylab zamonaviy elektrichkalar qatnovini yo`lga qo`ydi.
Poezdning qatnov jadvali ushbu yo`nalishda istiqomat qiluvchi aholining, faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, o`quvchi, talaba yoshlarning talab va istaklari o`rganib chiqilgan holda tuzildi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Hozirda ushbu yo`nalish bo`yicha kuniga bir marotaba qatnovlar qat`iy jadval asosida muntazam amalga oshiriladi. Jumladan, ertalabki soat 06:35 da Bekobod vokzalidan jo`nagan poezd, soat 9:20 da Toshkent vokzaliga etib boradi. Harakat tarkibi bir vaqtning o`zida 350 nafarga yaqin yo`lovchini tashish imkoniga ega.
Yo`l davomida elektrichka Xovos, Yangier, Guliston kabi stansiyalarda to`xtab o`tadi. Masofaning umumiy uzunligi 183 kilometrni tashkil etib, elektrichka bu yo`lni 2 soatu 45 daqiqada bosib o`tadi.
Elektrichka 6 ta vagondan iborat bo`lib, ularning barchasi havoni mo``tadillashtiruvchi maxsus uskunalar (kondisioner) bilan jihozlangan. E`tiborlisi, zamonaviy elektrichkalar “Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi” AJda tubdan rekonstruksiya qilingan. Har bir vagonda o`rnatilgan tartibda maxsus kuzatuvchilar biriktirilgan va ular yo`lovchilarga sifatli xizmat ko`rsatishadi.
Shuni alohida ta`kidlash lozim, yaqin kunlarda ushbu zamonaviy elektrichka qatnovlarini kuniga ikki marotaba amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bekobod vokzali qaytadan bugungi kun talablari darajasida rekonstruksiya qilindi. Bu erda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifatini yanada yaxshilash, xalqaro andozalarga to`la javob beradigan servisni tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Vokzalda 150 nafar yo`lovchiga mo`ljallangan kutish zali, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud bo`lib, zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan. Vokzalning oldi va shaharga chiqish qismida elektron soatlar, elektron ko`rsatkichlar o`rnatildi. Shuningdek, havo haroratini mo``tadil saqlovchi sovutgichlar, tejamkor yoritgichlar, savdo do`konlari barpo etildi.