1

​KAPTARLAR ETKAZGAN XABAR

Mutolaa 05.10.2017, 12:34
​KAPTARLAR ETKAZGAN XABAR

KAPTARLAR ETKAZGAN XABAR

Bu voqeaga ikki yil bo`ldi. Avvaliga e`tibor bermagandim, lekin alomatlar birin-ketin ro`yobga chiqaverganidan keyin o`ylanib qoldim, — deb maktub yo`llagan toshkentlik muxlisamiz. — Buvimning hovlisi Chirchiq tomonda bo`lgani uchun yozda havosi toza, tog` yaqin deb barcha qarindoshlar dam olishga o`sha erga yo`l olamiz. Ikki yil oldin yozda odatdagidek buvimning hovlisida yig`ildik. Amakilarim, ammalarim ham bolalari bilan kelishdi. Dam olish kunlarini katta oilamiz bilan birgalikda o`tkazish biz bolalarga juda yoqardi. Erkaklar darrov kabob pishirishga tayyorgarlik ko`ra boshlashdi. Ayollar esa turli tansiq taomlaru, salatlarni tayyorlashardi. Biz bolalar esa soyda cho`milish, yaqin-atrofdagi qirlarda yugurib koptok o`ynash bilan ovoramiz.

Kechki ovqat tayyor bo`lgach, bizni amallab dasturxon boshiga yig`ishdi. Hovlining o`rtasiga, ochiq joyga dasturxon yozishdi, 79 yoshli buvim barchamizni duo qilib, dasturxon to`riga o`tirdilar. Ovqatlanib bo`lgach, biz buvimning pinjiga suqilib shaxmat o`ynay boshladik. Amakimning o`g`liga yutqazib qo`yib, o`rnimni boshqaga bo`shatib berdim-da, ko`m-ko`k, musaffo osmonga tikilib yotdim. Osmonda, juda balandda, kaptarlar galasi doira shaklida gir aylanib uchishardi. Doira goh buzilar, goh yana o`z holiga kelardi. Qushlarning raqsiga mahliyo bo`lib turganimda, bittasi to`dadan ajralib chiqdi-da, aylanib to`g`ri buvim tomonga uchib kela boshladi. Keyin xuddi buvimning boshiga qo`nmoqchidek yaqin keldi-da, qanoti bilan buvimning boshiga urgandek bo`lib, qaytib ketdi. Boshiga nima tekkanini bilolmay hayron bo`lgan buvim yuqoriga qaradi va uzoqlashayotgan kaptarni ko`rib, rangi oqarib ketdi. Kaptar to`dasiga etib bormay yana orqaga qaytdi va yana o`sha harakatni qaytardi. Buvim hatto qarshilik ham qilmaganini ko`rib o`rnimdan sakrab turib, qiyqirib qushlarni hayday boshladim.

—Haydashingdan foyda yo`q, bolam, — dedilar buvim ko`z yoshlari duv-duv oqib.

Hamma buvimning atrofiga yig`ildi.

— Yaxshilikka bo`lsin! Eng keksalaring menman, xabar menga kelgan bo`lsin... — dedi buvim.

Erkaklar buvimni irimchilikida ayblab kulishdi. Keyin hammalari turli qo`rqinchi voqealarni gapirishga tushib ketdi. O`sha kecha men buvimning yonida yotdim va “Kaptarlarning bu harakati nimadan dalolat?” deb so`radim. Buvim esa “Ko`nglim g`ash, bolam. Ishqilib yaxshilikka bo`lsin, ikki marta boshimga qo`ndi. Ikki marta-ya!” dedilar va yana yig`lay boshladilar.

Ikki kunlik dam olish tugagach, hamma uy-uyiga tarqadi va, tabiiyki, bu voqea barchaning esidan chiqib ketdi. Lekin oradan bir oy o`tmay, buvimning kichik ukasi eski imoratni buza turib, devor tagida qolib vafot etgani haqidagi xabarni eshitdik... O`shanda birinchi marta buvim nega bunchalik xavotirlanganini tushungandek bo`ldim. Keksa buvim ukasining o`limini yuragiga og`ir oldi va betob bo`lib yotib qoldi. Boshqalar bu kaptar voqeasiga irim deb e`tibor berishmadi. Faqat men buvimning xavotiridan xabardor bo`lganim uchun tez-tez ulardan xabar olib turdim.

Buvimning xavotiri bejiz emas ekan. Qish kunlarining birida, kech tushganda ishdan qaytayotgan amakimning qizini mashina urib ketgani haqidagi sovuq xabar etib keldi. O`shanda buvim yigirma ikki yoshli nabirasidan ayrilganiga qanday chidagani faqat o`ziga ayon...

Yaqinda buvimdan ham ayrildik. O`limidan oldin buvim meni yoniga chaqirib, “O`sha kaptarlar yaqinlarimdan ikki kishi mendan oldin ketishini bildirishganini ko`nglim sezgandi. Endi mening ham navbatim keldi...” dedi. Buvimdan ayrilganimdan buyon o`ylayman, nahotki alomatlarda sir yashirilgan bo`lsa? Nega unda biz bu alomatlarni tushunmaymiz? Yoki uni faqat keksalar tushinishadimi? Yana kim biladi deysiz, balki bularning barchasi tasodifu, keksa buvimning xayolidir...

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1