1

​ATIRGULNING QONLI IZI

Mutolaa 06.10.2017, 15:03
​ATIRGULNING QONLI IZI

ATIRGULNING QONLI IZI

Mahalliy poliklinikadan kelgan hamshirani ko`rgan Nodira xomush tortdi.

— Assalomu alaykum, bekorga ovora bo`libsiz-da, — dedi u erga qarab.

— Ovorasi bormi, bu mening ishim-ku, singlim. Dushanba kuni nazoratdan o`tish uchun borishingiz kerak edi, bormadingiz?

— Oyijon, ruxsat bermadilar…

— Qaynonangiz uydamilar? O`zim tushuntirardim.

Shu mahal peshayvonning derazasi ochilib Marhamat xolaning boshi ko`rindi.

— Kim kepti, kelin?

— Poliklinikadan kelishipti.

Marhamat xola mehmonni yoqtirmaganini yashirib o`tirmay dedi:

— Ha, tinchlikmi? Nega kelishipti? — keyin bo`ynini cho`zib mehmonga qaradi. — Kiring, nega ostonada turipsiz?

Derazani yoparkan darvozaxonadagilarga eshitiladigan qilib to`ng`illadi: — Soppa-sog` odamlarniyam tinch qo`yishmaydi. Ana, borib kasallarga qara, eshikma-eshik yurib kelinlarni qo`rqitguncha!

Nodira o`ng`aysizlanib hamshiraga qaradi.

Hamshira bunaqa gaplarga o`rganib ketgan shekilli, qilt etmadi. Nodiraning mulozamatini kutib o`tirmasdan ichkariga yo`l oldi.

— Xolajon, keliningizning qoni kam, bu homilasiga ham o`tishi mumkin, — hamshira yotig`i bilan Marhamat xolaga tushuntira boshladi.

— Qoni kam bo`lsa, mayiz, yong`oq esa joyiga tushadi, aylanay, siz xavotir olmang.

— Ayni damda mayiz-yong`oq bilan qondagi gemoglabinni oshirib bo`lmaydi. Ayniqsa, bola tug`ma kamqon bo`lib tug`ilsa...

— Menga qarang, nega uyimga kelib sovuq niyat qilasiz? Indamasam, hali tug`ilmagan bolani undoq bo`ladi, bundoq bo`ladi deb kelinimni qo`rqitaverasiz!

— Mening niyatimni nima aloqasi bor, — kampirning do`qidan dovdiragan hamshira yordam so`ragandek Nodiraga qaradi. — Axir... keliningizning tashxisidan xabaringiz bormi o`zi?

— Xabarim bor! — gap tugadi degandek o`rnidan qo`zg`aldi Marhamat xola. — O`tgan gal kelganingizda aytgandingiz. Qolaversa, ketma-ket tuqqan faqat mening kelinim emas. Men beshta bolani ketma-ket tug`ib katta qilganman. Xudoga shukr, hammasi soppa-sog`!

Uy egasi tars-turs qilib chiqib ketgach, hamshira ham ilojsiz o`rnidan qo`zg`aldi.

Mehmonni kuzatib qaytib kelgan Nodira qaynonasining ko`ziga ko`rinmaslik uchun o`zini oshxonaga urdi.

Kechqurun qaynotasi ishdan qaytgach, ertalabki mavzu qayta ko`tarildi.

— Keliningiz poliklinikaga chiqib bizni yomonlagan shekilli bugun hamshira keldi.

— Yomonlagani uchun kelmagandir? — hayron bo`ldi qaynota.

— Bo`lmasa nega keladi? Yana shuni yonini olishni boshladingizmi? Hamshira o`z og`zi bilan aytdi — yaxshi ovqatlanmagani uchun qoni kam, dedi. Poliklinikadan allaqanday dorilar berarmish, o`shani ichib yursin deydi.

— Unda ichsin.

— E-ey, biram soddasizki, keliningiz har ikki kunda ishdan qochib poliklinikaga borib kelish uchun bahona bu. Keyin tekinga berilgan dori qanaqa bo`lardi? Muddati o`tib ketgan dorilarni tarqatishayotgandir-da!

— Esingni ebsan! — jahli chiqdi qaynotasining. — Homilador ayollarga yordam bo`lsin deb tarqatilyapti-ku!

— Siz qayoqdan bilasiz?

— Hamma joyda aytilgandan keyin bilaman-da.

— Ha, mayli, bunisiga ham rozi bo`ldim deylik lekin allaqanday doplermi, poplermi degan tekshiruvi bor ekan. O`shanga borishi shart deydi. Tavba, hozirgi kelinlar nozikoyim. Biz hech qanday tekshiruvlaru, analizlarsiz tug`ib kelib, ishimizni qilib ketaverganmiz. Keliningizning turgan bitgani xarajat!

— Obbo, o`sha tekshiruv necha pul turardi? Namuncha gapirding, eri topib turgan bo`lsa, sendan pul so`ramayapti-ku!

— Erining topgani do`xtirgan ketgani uchun gapiryapman-da! Men ham nima niyatlarda o`g`il katta qilganman, o`g`limning davrida yayrab yashayman deganman...

Qaynota xotiniga gap uqtirib bo`lmasligini bilib, “bilganingni qil” dedi-da, televizorning ovozini balandlatdi.

Nodira tuni bilan og`riqdan ag`anab chiqdi. Ishdan kech qaytgan erini bezovta qilmaslik uchun mehmonxonadagi divanga chiqib o`tirdi.

“Yaxshi hamki, o`g`lim yig`loq emas”, — o`yladi u og`riq qo`yib yuborgach, ko`zini yumib. Ikkinchi farzandiga homilador bo`lgandan buyon tez-tez tobi qochadigan bo`lib qolgani uchun qaynonasi va eridan xijolat bo`lar, kasal bo`lganiga o`zini aybdor hisoblardi.

O`g`li dunyoga kelgandan keyin shifokori qaynonasiga tug`ruq og`ir kechganini, endi bir-ikki yil farzand ko`rmay turishi lozimligini tushuntirgandi. Lekin qaynonasi shifokorlar tavsiya qilgan muolajalardan qat`iy bosh tortdi, bitta boladan keyin dori ichsa keyin umuman tug`may qo`yadi, deb ko`nmadi.

Nodira esa qaynonasiga e`tiroz bildira olmadi.

Birinchi bolasida ko`p qon yo`qotgan Nodira tug`ruqdan keyin ham anchagacha o`ziga kela olmadi. Yurgan yo`lida boshi aylanib ketar, bir necha marta yiqilib ham tushgandi. Shifokorlar bir haftagina yotsin, qon quyib, dori-darmon qilib gemoglabini normaga tushsa olib ketasiz deyishsa ham “o`zim qarayman” deb va`da berdi. Lekin ona-bolani uyga olib kelgach, va`dasini unutdi.

Chaqaloq ko`rgani kelgan onasi qizining ahvoli yaxshimasligini ko`rdiyu, lekin “birinchi bolasi-da, qiynalgan, yaxshi bo`lib ketadi», deb o`zini ovutdi.

— Seni uyga olib ketib, davolatay desam, qo`lim kalta. Singlingni sepini qilishim kerak...

Onasining qolgan gaplari qulog`iga kirmadi. “Hech kimning menga qarashga vaqti yo`q o`yladi u, ma`yus kulib. — Erim “men ayollarning ishiga tushunmayman, oyim nima desa shuni qilasan” deydi, onam “ seni uzatdim, bo`ldi, endi tashvishingni menga ortma” deydi. Qaynonamga esa bitta xizmatkor bilan puldan boshqa narsaning keragi yo`q…».

O`g`li sakkiz oylik bo`lmasidan yana homilador bo`lgan Nodiraning ahvoli kundan kunga og`irlashib borardi. Shifokorlar “bolangizga kislorod etishmayapti, kamqonligingiz unga ham o`tadi, suyagi mo`rt, qimirlashi sust...” deb yuragiga vahima solishgani sayin battar qo`rqardi. Tuni bilan yaxshi uxlay olmagan Nodira ertalabdan supani supirarkan oyog`i tagidagi er qalqib ketgandek bo`ldi. Yiqilib tushmaslik uchun daraxt shoxiga qo`l cho`zdi-yu, lekin qo`li etmasdan supadan pastga qarab yiqildi. Erga urilmasidan oldin qornidagi bolasi qattiq tipirchiladi. Nodiraning xayolidan “bolamni qo`rqitdima” degan afsus o`tdiyu, birdan hamma narsa qorong`ulikka g`arq bo`ldi...

Uyqusirab hovliga chiqqan eri, “ogorod”da atirgulning yalang`och novdalari orasida yotgan xotinini ko`rib qo`rqqanidan baqirib yubordi.

Atirgul novdalari yuz-qo`llarini tilib ketgan Nodira qonga belangancha hushsiz yotardi.

Shifokorlar zudlik bilan Nodirani operasiya xonasiga olib kirib ketishdi.

  • Bolani asrab qololmaymiz deb qo`rqaman, — dedi shifokor yig`lab o`tirgan Marhamat xolaga.
  • O`zi-chi? — so`radi eri ovozi titrab.
  • Yaxshi niyat qilaylik... yaxshi niyat, — Marhamat xola o`ziga o`zi gapirgandek kursiga cho`kdi.

Shifokor javob bermadi.

Beton qirrasiga qattiq urilgani uchun qovurg`asi sinib, ichki a`zolari zararlangan Nodirada ichki qon ketish ro`y bergandi. Bola ham zararlangan bo`lishi mumkinligini bilgan holda shifokorlar birinchi o`rinda kimga yordam berish kerak deb o`ylab ham o`tirishmadi. Avvalo onani asrab qolish lozim, buyurdi jarroh.

Dunyo yuzini ko`rishiga bir oy qolgan qizaloqning jasadini olib chiqib berishganda Marhamat xolaning yuragi uzilib tushgandek bo`ldi.

Komada yotgan Nodiraning yoniga qarindoshlarga navbati bilan kirib chiqishga ruxsat berishdi. Birinchi bo`lib kirgan onasi ko`z yoshlarini tiya olmay ichida qizining qaynonasini ayblardi: “Qizimga kun bermadi-ya, jodugar”.

Undan keyin kirgan eri Nodiraning ahvoliga achinib ko`z yosh to`kdi keyin yuzida atirgul tikanlari qoldirgan qonli izlarga qarab “endi yuzida chandiq qolarkan-da” deb o`yladi.

Marhamat xola esa ko`z yoshlarini artarkan kelinining sarg`ayib ketgan yuziga qarab “hozirgi yoshlar, biram nozig-ey, ishqilib sog`ayib ketsin-da, bo`lmasa ota-onasidan naq baloga qolamiz. Endi bu yog`i nima bo`larkan, o`g`lim bitta bola bilan o`tib ketadimi endi...”, deb o`yladi.

O`lim bilan olishib yotgan Nodira kirib-chiqayotganlarni ko`rmas, eshitmasdi. Uni qattiq uyqu elitar, tezroq uxlab qolib og`riqlardan qutilgisi kelardi. Endi uyquga ketaman deganida o`g`lining yig`lagani eshitilgandek bo`ldi. Ko`zini ochish uchun harqancha harakat qilmasin, iloji bo`lmadi. Uyqu zo`rlik qilaverdi. To`satdan yuziga tekkan mitti qo`lchalar taftidan seskanib ketdi. Bor kuchini to`plab ko`zini ochdi. Tepasida singlisi o`g`lini ko`targancha qarab turar, o`g`li esa qo`llarini cho`zib unga intilardi.

“Ko`zini ochdi!” “O`ziga keldi” degan shovurlarni eshitgan Nodira og`ir uh tortdiyu, yana ko`zini yumdi. “Tezroq uyg`onishim kerak, o`g`lim mensiz qiynalib ketgan... Unga kerakman” o`yladi u. Onasining ko`nglidan o`tganini sezgandek o`g`li ham unga qarab talpina boshladi...

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1