1

​ BIR YoMONNING BIR YaXShISI BOR

Mutolaa 09.10.2017, 16:34
​ BIR YoMONNING BIR YaXShISI BOR

Katta shaharning ulkan beton kataklari tabiatning tabiiy go`zalligini qo`lidan kelgancha siqib chiqarishga urinadi. Nafaqat tabiatning, balki odamlarning tabiatini ham kundan-kunga toraytirib borayotgandek…

Xuddi shu beton-qafaslar orasida bo`ladigan kimo`zar poyga oqimiga bir yildan buyon, o`qish sabab Sevara ham qo`shilib qolgan. Qosh-ko`zlari popukdekkina, yoqimtoy bu qizning bir kamchiligi bor. U o`lgudek yig`loq.

To`qson ming so`mlik stipendiya bilan shaharda qanday kun ko`rish mumkinligini o`ylab hozir ham xonasida yum-yum yiјlab o`tiribdi. Yaxshi hamki rahmatli onasidan eplilik xislati o`tgan, bo`lmasa... O`zi yuz ming so`mlik ijara uyda yashaydi… Ya`ni, to`rt kishi yashashadi. Har biriga yigirma besh mingdan tushadi. Stipendiyasidan qolgani eb-ichishiga, yo`lkirasiga zo`rјa etadi. Yana shu mablaјdan ham orttirib, otasi qishloqdan berib yuboradigan o`n-o`n besh ming so`mni tejab, o`ziga kiyim-kechak olishni ham eplaydi. Otasi ham vafot etgach, qishloq bilan boјlab turgan so`nggi umid rishtasi ham uzildi. O`gay onasi hech qachon uni yoqtirmagan, endi umuman chiqishtirmasligi aniq. O`z aravasini o`zi tortmasa bo`lmaydi. Shu sabab ish qidira boshladi. Yotoqxona yaqinidagi dorixona eshigidagi e`lonni o`qib, tortinibgina kirib bordi. Ko`zoynak taqib, gazeta o`qib o`tirgan xotin unga bir so`z demay qo`lini cho`zdi. Sevara shoshib qoldi:

— Nima? — dedi tushunmay.

— Nima bo`lardi, reseptingizni bering, — dedi u qoshlarini chimirib

— Reseptim yo`q, haligi, men ish so`rab keluvdim… — Sevara uyatli ish bilan qo`lga tushgandek qizarib ketdi.

— Shunaqa demaysizmi? — dedi xotin unga bepisand qarab. — Oyiga qirq ming to`layman. Har kun kechqurun butun dorixonani chinnidek qilib artib ketasiz. Hujjatlashtirmay… — xotin javob kutgandek ko`zoynaklari ostidan qaradi.

— Mayli, roziman, — Sevara xursandligini zo`rјa yashirdi.

— Bo`pti unda… — xotin yana gazeta o`qishga tutindi. Qizning rozi bo`lishini kutmagani uchun o`ttiz ming demaganiga pushaymon bo`ldi.

Xotinning yana nimadir deyishini kutib, Sevara bir pas indamay turdi. Keyin gapirishga botinolmaganidan sekin eshikka qarab yurdi.

— Ha-ya, ismingizni aytib ketmaysizmi?

— Ismim, Sevara, — xotinning yana gapirganidan quvonib ketdi u.

— Tavba, namuncha dovdir bo`lmasa bular… — minјirladi dorixonachi.

Bu xotin aslida dorixonaning egasi emas, shunchaki xodim. Erining ichib yurishlaridan siqilaverganidan shunaqa qo`rs, asabiy bo`lib qolgan. U o`zidan yoshroq, boyroq, chiroyliroq… xullas, butun dunyoni yomon ko`radi desa ham bo`ladi. O`zining shu fe`li bilan atrofdagilarning ham hayotini zaharlaydi.

Shu kundan boshlab Sevara har kuni soat ettilarga yaqin dorixonaga borar va katta xonaning pollarini, peshtaxtalarini va oynalarini artib kelardi. Ba`zan har kuni oyna artishning nima keragi bor ekan, deb o`ylanib qolar, dilidagini tiliga chiqarishga Shohida opadan qo`rqardi. Shu o`lgur qirq ming so`m unga juda kerak, shuning uchun chidashga majbur. Keyinchalik bu dorixona Shohida opaniki emasligini, egasi xorijda yashashini, yiliga bir marta qarindoshlarini ko`rgani kelib turishini bilib oldi. Tabiatdan orzu-xayollarga beriluvchan bo`lgani sabab Sevara ko`p xayol suradi. Ko`nglining tub-tubidan kimdir unga bir kun kelib, albatta, baxtli bo`lishini aytib turardi.

* * *

Ikki kundan keyin instititutda ko`klamga baјishlangan she`riyat kechasi bo`ladi. Bozordan chiroyli liboslar xarid qilib kelgan xonadoshlari biri qo`yib, biri kiyimlarini kiyib ko`rishardi. Sevaraning dugonalariga havasi keldi. Barcha qizlar kabi u ham chiroyli kiyinishni, chiroyli yurishni xohlardi. Ko`zlariga to`lgan yoshni sezdirmay kecha bozordan olgan matosidan ko`ylak tikishga tushdi. Bugun Shohida opa pul bersa bozordan tufli sotib oladi…

— Shohida opa bugun oylik beradigan kuningiz edi… — sekingina eslatdi Sevara.

— Uf, darrov pul talab qilishni bilishadi, bular. Hozir pul yo`q. Ertaga soat to`rtlarda kelsangiz, berarman…

— Ertaga institutda bayram…

— Pul bo`lsa beramanmi, tez-tez polni arting, shu ahvolida yana bayramni orzu qilishlariga o`laymi?.. — Shohida opa qizning rangi uniqib qolgan usti-boshiga bepisand nigoh tashladi. Uyalganidan Sevaraning ko`zlariga yosh to`ldi...

* * *

O`zi tikkan ko`ylakni kiyib, ko`zguga qaradi-yu, aksini taniy olmay qoldi. Havorang ko`ylak chiroyiga chiroy qo`shib yuborgandi. Uf tortib eski etigiga qaradi. Ko`ylagi bilan sira yarashmaydi-da. Ishqilib Shohida opa pul bersin.

Soat to`rtga yaqin yangi kiyimini kiyib dorixonaga qarab yugurdi. Pulni oladi-yu, bozorga o`tadi…

— Assalomu alaykum, Shohida opa.

— Vaalay… ho, yasanib olibsizmi? — labini burdi Shohida opa. — Vo-o-y, esim qursin, sizga pul olib kelmabman-ku! — yolјondan achingan kishi bo`lib.

Sevaraning ko`zlariga yana yosh to`ldi. Bo`јziga tiqilgan xo`rsiniqni zo`rјa yutdi.

— Siz bayramga bormasangiz, o`tmay qolarmidi, qolaversa xo`jayin xorijdan qaytgan, xohlagan paytida kelishi mumkin. Shumshaymay tezgina «shvabra»ni oling, — Shohida opa oyog`i bilan burchakdagi chelakni turtib pollattaga ishora qildi.

Shunaqa chiroyli ko`ylak bilan pol artadimi? Bugun bayram, kursdoshlari yasan-tusan qilib bayramga ketishdi. U esa pol artishi kerak. Hayotida shundoq ham bayramlar kam. Shuni ham Xudo ko`p ko`rdimi?.. U yiјlagancha «shvabra»ni quchoqlab turib qoldi.

— Voy, Asrorjon! O`zingizmisiz? Eson-omon etib keldingizmi? — kutilmaganda Shohida opa hovliqib peshtaxta ortidan yugurib chiqdi.

Sevara yosh to`la ko`zlarini bir yumib ochdi-da, boshini ko`tardi. Ostonada yuzidan nur yog`ilib turgan, bashang kiyingan barvasta bir yigit unga qarab turardi.

Shohida opa aylanib-o`rgilib u bilan so`rashar, atrofida parvonadek aylanardi.

— Nega yig`layapsiz, singlim? — mehribon ovozdan seskanib ketdi. Ovoz xuddi kuydek yoqimli eshitildi. Otasi uylanguncha unga shunaqa mehribon edi. Xuddi otasi tirilib kelgandek... Mehribonligidan ko`ngli to`lib, yuzini bekitgancha yig`lab yubordi…

— Hozir bayram boshlanadi, men borolmadim… — Sevara eski etigiga ishora qildi. Asror qizga mehr bilan tikilib qoldi.

Shu kuni Sevara bayramga bormadi, lekin… U Shohida opa olabo`jidek qo`rqitib gapiradigan xo`jayin shu yosh yigit bo`lishi mumkinligini xayoliga xam keltirmagandi. Katta shaharda, tili boshqa, dini boshqa, fe`li tor odamlardan siqilgan Asror onasi vasiyat qilganidek o`z yurtidan bir oqila qiz topib uylanish maqsadida kelgandi…

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1