Sevimli

SOHIBQIRON ASKARINING ChO`NTAGIDAGI KITOB         

Moziydan sado 12.10.2017, 15:38
SOHIBQIRON ASKARINING ChO`NTAGIDAGI KITOB          

SOHIBQIRON ASKARINING ChO`NTAGIDAGI KITOB

Yoxud Rasul Hamzatov tan olgan haqiqat

Odatda, gruzinlar deyilsa, mashhur shoir Shota Rustaveli, makedonlar deyilsa, afsonaviy sarkarda Aleksandr Makedonskiy, inglizlar deyilsa, atoqli dramaturg Vilyam Shekspir, rus adabiyoti deyilsa, betakror yozuvchi Lev Tolstoy, Amerika deyilsa, mustaqillik kurashchisi Jorj Vashington, agar Dog`iston, avarlar deyilsa, “XX asrning eng buyuk shoiri” deya e`tirof etilgan Rasul Hamzatov ko`z oldimizda gavdalanadi.

Doimo haqiqatni tarannum etgan

Jahon adabiyotidagi Vatan, til, qadriyatlarga bag`ishlangan eng yaxshi asar haqida so`z borsa, “Mening Dog`istonim” badiasi, dunyodagi eng aziz zot – Onani ulug`lovchi asar to`g`risida fikr yuritilsa, “Onalarni asrang” dostoni, dunyo bo`ylab turnalar misol parvoz etayotgan qo`shiq qaysi deyilsa, “Turnalar” qo`shig`i, xullas, yana qanchadan qancha mavzularni eng yaxshi yoritgan ijodkor kimligi so`ralsa, Rasul Hamzatov (1923—2003) nomi hurmat bilan qayta-qayta eslanadi.

U “Mening Dog`istonim” asarida bu haqda shunday yozadi: “Menga shunday haqiqat tuyg`usini berginki, egrini egri deyin, to`g`rini to`g`ri”. Negaki, “yolg`on – bu yuvindi, ifoslik, sharmandalik. Haqiqat – bu go`zallik, poklik, musaffolik. Yolg`on – qo`rqoqlik, haqiqat – mardlik. Yo u tomon, yo bu tomon bo`l, o`rtada joy yo`q”. Shoir umri bo`yi haqiqat tomonda bo`ldi, haqiqatni aytish, kuylash uchun ijod qildi.

“Mening Dog`istonim” asarini ona tilimizga o`girish jarayonida shoirning iste`dodi va mahoratidan qayta-qayta hayratga tushganligim rost. Lekin bir gapni tarjima qilayotganda, haqiqatni aytish uchun ajoyib vosita topganidan hayratim yuz chandon oshgan. Chunki u yurtimizning tarixiy haqiqatiga bevosita bog`liq edi.

Oddiy askari shunchalik ziyoli bo`lsa...

“Qo`miq ovuli yonida Temur askarlari bilan kechgan jangdan keyin halok bo`lgan askar cho`ntagidan kitob topib olishdi”. Urush bexatar bo`lmaydi, har lahzada o`lim tahdid soladi. Faqat ziyoli, ertadan umidi bor askargina cho`ntagida kitob bilan jangga kiradi. O`z-o`zidan savol tug`iladi: askari shunday ziyoli bo`lsa, uning sarkardasi qanday ziyoli ekan?!”

Bu so`zlar 1970 yillarda, Amir Temur bobomizga har xil yolg`on-uydirmalar to`qilayotgan vaqtda yozilgandi. Bu vaqtda o`zimizdan chiqqan haybarakallachilar ham bu safsataga qo`shib-chatishayotgandi. Hatto darsliklarga bunday tuhmatlar kiritilgandi. Faqat bolaligidan rost gapirishni odat qilgan Rasul Hamzatov dunyoga mashhur “Mening Dog`istonim” asarida “Temurning oddiy askari shunday ziyoli bo`lsa, u qanday ziyoli ekanini o`zlaring bilib olaveringlar”, deya haqiqatni baralla aytdi.

Ayrimlar shoir Amir Temur haqidagi haqiqatni qanday bilgan deyishi mumkin. Birinchidan, Rasul Hamzatov juda ko`p kitob o`qigan. Ikkinchidan, bu vaqtda Kavkaz xalqlari ozodligi harakati yo`lboshchisi Shomilga ham tuhmat toshlari otilayotgandi. Shoir o`z asarida Shomil haqida haqiqat yozilgan kitobni Amerikadan topganini ta`kidlagan. Amir Temur haqida haqiqat yozilgan kitoblar esa shoir umrining ko`p qismini o`tkazgan Moskvaning o`zida ham topiladi.

Ko`pchilik Rasul Hamzatovga omad rosa kulib boqqan, qo`lini qayoqqa uzatsa etgan, deb o`ylaydi. Tarixdan ma`lumki, haqiqatni yozgan shoir hech zamonda faqat olqishlarga ko`milavermaydi.

“Navoiyni tahoratsiz tilga olmang!”

Shoirning har bir asarida ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlar mujassam bo`lgani uchun har yurakka etib bordi va bu avlodlar, asrlar osha davom etaveradi.

Buyuk shoir dunyoga ko`plab buyuk zotlarni etkazib bergan o`zbek xalqiga hamisha chuqur hurmatda bo`lgan. Ehtimol, shu bois uning barcha asarlari o`zbek kitobxonlari qalbiga tez va oson kirib borgandir.

Shu o`rinda Rasul Hamzatov bilan bog`liq bir voqeani ham eslatib o`tish joiz. Aytitshlaricha,Yu shoir O`zbekistonda bo`lganida, bir muxbir u bilan uchrashib, uning hazrat Navoiy haqidagi fikrini so`raydi. Shoir esa, hammani hayratda qoldirib, bu haqda gapirmasligini aytadi. Buning sababini so`rashganida u shunday javob beradi: «Bunday avliyo shoir nomini tilga olishim uchun avvalo tahorat olishim kerak». Ma`lum bo`lishicha, o`sha paytda Rasul og`a ozgina konyak ichgan ekan. Shu holatda buyuk Navoiy haqida gapirishni o`ziga ep ko`rmagan.

Mana bu buyuk shoirning buyuk shoirga ehtiromi!

Ma`naviyat nuqtai nazaridan olib qaraganda, umrboqiy “Xamsa” ijodkori Alisher Navoiyni qadrlamagan va uning asarlarini o`qimagan kishini ziyoli deyish joiz emas. Xuddi shunday Dog`iston xalq shoiri, yoki taniqli davlat arbobi ta`biri bilan aytganda Jahon xalq shoiri Rasul Hamzatovni qadrlamagan kishini ham ziyoli deb bo`lmaydi.

Asror MO`MIN,

Sharhlar