O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 19 oktyabr kuni maktabgacha ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Prezidentning Davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Mamlakatimizda milliy genofondni mustahkamlash, yosh avlodni etuk kadrlar etib tarbiyalash masalalariga doimiy e`tibor qaratib kelinmoqda. 2017 yil 16 avgust kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda ta`lim tizimini rivojlantirishning ko`plab yo`nalishlari belgilab berildi. Xususan, maktabgacha ta`lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni to`la qamrab olish bo`yicha muhim vazifalar qo`yilgan edi.
Prezidentimizning joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni hamda “O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta`lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha ta`lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog`ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta`minlash, maktabgacha ta`lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta`lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta`lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma`naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qo`yildi.
Yig`ilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Hayotimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan ta`lim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga to`g`ri keladi: ta`lim-tarbiya – biz uchun hayot-mamot masalasidir, dedi Prezidentimiz. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy etuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir o`zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sog`lom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha ta`lim tizimidan boshlanadi.
Maktabgacha ta`lim tizimi uzluksiz ta`limning birlamchi, eng asosiy bo`g`ini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga ko`ra, inson o`z umri davomida oladigan barcha axborot va ma`lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo`lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o`zi bolalarimizning etuk va barkamol shaxs bo`lib voyaga etishida bog`cha tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko`rsatib turibdi.
Bunga qo`shimcha isbot qidirib uzoqqa borishning hojati yo`q. Bog`cha tarbiyasini olgan bola bilan bog`chaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi o`rtasida er bilan osmoncha farq borligini sezish qiyin emas.
Shuning uchun ham biz maktabgacha ta`lim tizimini qayta ko`rib chiqish masalasini davlat siyosati darajasiga ko`tarib, bu borada katta ishlarni boshladik. Agar shu ishni har tomonlama puxta o`ylab amalga oshirmasak, butun ta`lim tizimida sifat o`zgarishiga erishishimiz, ta`limning uzluksizligini ta`minlashimiz qiyin bo`ladi, deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.
Bugungi kunda maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bog`chalar qurish bo`yicha davlat dasturi qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasi hisobga olinib, nodavlat ta`lim muassasalari, jumladan, nodavlat bog`chalar tarmog`ini kengaytirishga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa tizimda sog`lom raqobatni shakllantirish hamda ta`lim xizmatlari turini ko`paytirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta`lim sohasiga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Biz qabul qilayotgan barcha-barcha qarorlarni amalga oshiradigan, farzandlarimizga bilim asoslarini, eng zarur hayotiy tushuncha va ko`nikmalarni o`rgatadiganlar yuqori malakali tarbiyachi va murabbiylardir, deya ta`kidlandi yig`ilishda.
Bu sohada zamonaviy talablarga javob beradigan ilg`or pedagogik usul va uslublarni ishlab chiqish, o`quv va o`quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish va nashr etish ham g`oyat dolzarb vazifadir.
Yana bir muhim masala – bu maktabgacha ta`lim muassasalarida malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, sanitariya me`yorlari va gigiena qoidalariga to`la javob beradigan sog`lom ovqatlanish tizimini yo`lga qo`yish zarur.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tegishli idoralarga har bir masala yuzasidan aniq muddatlari ko`rsatilgan holda muhim topshiriq va vazifalar berildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi, Toshkent shahar, viloyatlar maktabgacha ta`lim boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) maktabgacha ta`lim bo`limlarini binolar va yuqori malakali kadrlar bilan ta`minlash zarurligi qayd etildi.
Ilg`or xorijiy tajribalar asosida maktabgacha ta`lim tizimidagi pedagog kadrlar malakasini oshirish bo`yicha o`quv-reja va dasturlarni takomillashtirish, oliy ta`lim muassasalari maxsus sirtqi bo`limlarining “Maktabgacha ta`lim” yo`nalishi bo`yicha 2018-2023 yillar uchun kvotalar ajratish masalasiga e`tibor qaratildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish va navbatga qo`yish bo`yicha elektron dastur”ni joriy etish bo`yicha topshiriq berildi. Shuningdek, davlat maktabgacha ta`lim muassasalarining axborot-kommunikasiya texnologiyalari vositalari bilan ta`minlanganlik va internet tarmog`iga ulanganlik holati tanqidiy o`rganilib, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta`minlash va internet tarmog`iga ulash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Maktabgacha ta`lim muassasalariga shifokorlar ajratish, tibbiyot hamshiralarining malakasini oshirish, tez tibbiy yordam ko`rsatish uchun dori-darmon, sanitariya-gigiena vositalari bilan to`liq ta`minlash, bolalarning ovqatlanishini belgilangan me`yorlar darajasida tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.
Maktabgacha ta`lim muassasalariga mo`ljallangan o`quv-metodik va didaktik adabiyotlarni nashr etishga doir standartlarni qayta ko`rib chiqish va tasdiqlash masalasiga ham e`tibor qaratildi.
Bir so`z bilan aytganda, biz maktabgacha ta`lim sohasida har jihatdan zamonaviy tizim yaratishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. Kelgusi 3-4 yilda 5-6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha ta`limga to`liq qamrab olishga erishmog`imiz shart. Bu ertangi kunimizni hal qiladigan masala va biz buni albatta amalga oshiramiz.
Yig`ilishda soha oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.