1

Madad-shifo: SAYoHAT SOG`LIQQA PAND BERMASIN, DESANGIZ...

Salomatlik 24.10.2017, 13:57
Madad-shifo: SAYoHAT SOG`LIQQA PAND BERMASIN, DESANGIZ...

Ko`p insonlar safarga otlanayotganida yo`lda tamaddi qilish uchun turli eguliklarni g`amlab olishadi yoki yo`lga chiqishdan oldin tanovul qilishga odatlanishgan. Bu kabi odatlar oshqozonga qimmatga tushmasligi uchun ba`zi tavsiyalar bilan o`rtoqlashamiz.

Engil avtomobilda bo`lsangiz...

Kichik muzlatgichli qutichangiz bo`lsa ham sayohat qilish paytida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlamang. Axir bu texnika qurilmasi, pand berishi hech gap emas. Mashinada 2-3 soat davomida o`tirgan holatda ketasiz. Tabiiyki, tana harakati sust bo`ladi. Bunday paytda qovurilgan, dudlangan yoki kaloriyasi yuqori mahsulotlar esangiz yaxshi hazm bo`lmaydi.

Tavsiya etiladi: Mevalar, masalan, olma, banan, uzum, turshak, mayiz, kivi, ananas, olxo`ri kabilar. Yong`oq, mayiz va turshakni aralashtirib olsangiz ham bo`ladi. Ham to`yimli, ham foydali. Kremsiz, qand miqdori me`yorida bo`lgan pechenelar ham mumkin. Engil tamaddi uchun yog`siz pishloq va salat bargidan buterbrod tayyorlab olsangiz bo`ladi.

Gazlangan ichimliklar, tuzli pechene, yogurt, dudlangan qurut kabilar yo`lda ermak qilinishi uchun xarid qilinsa-da, oshqozoningiz bu tanlovingizni ma`qullamaydi. Chunki ularni joy-joyiga qo`yishga qiynaladi-da.

Poezdda bo`lsangiz...

Yo`lga chiqishdan oldin ovqatlanib olganingiz ma`qul. Poezdning harakatlanish maromi har kimga turlicha ta`sir qiladi. Taomlanganda to`yib emang. Oshqozon hazm qilishga ulgurmasa, qorin dam bo`lishi, ich ketishi yoki ko`ngil aynishi mumkin.

Agar taomlanishga ulgurmasangiz, poezdga chiqishingiz bilan ovqatlanishga tushmang. Bir oz vaqt o`tsin, ungacha qahva yoki choy ichib turishingiz mumkin. Yo`l-yo`lakay konfet yoki pechene tanovul qilsangiz bo`ladi. Ammo oshqozoningizni ko`pam siylayvermang. Gazlangan ichimliklarga ham chalg`imang. Yo`l-yo`lakay kitob mutolaasi, musiqa tinglash yoki shunchaki orom olib ketishingiz mumkin.

Samolyotda bo`lsangiz...

Safarga chiqishdan oldin engil tamaddi ayni muddao. To`yib ovaqatlanmang. Axir parvoz jarayonini organizmingiz qanday qabul qilishini bilmaysizku. Qolaversa, kun soatlarining o`zgarishi ham turlicha kechishi mumkin. Shu bois yaxshisi, tavakkal qilmang. Buning ustiga samolyotda ovqatlanish tartibi mavjud.

Birinchi marta parvoz qilayotgan bo`lsangiz, bu haqda salon kuzatuvchisiga xabar berib, tinchlantiruvchi choy qabul qilishingiz mumkin. Ammo hayajonni jilovlash uchun konfet yoki pechenelarga chalg`imang. Tishga ham, oshqozonga ham zarar.

Odatda samolyot bortiga turli ichimliklarni olib chiqishga ruxsat berilmaydi. Safarga ketayotganlar o`zlari bilan non, turshak, mayiz kabi eguliklarni olishlari mumkin. Agar bular orasida sifati buziladigan, uzoq yo`lga chidamsizlari bo`lsa, yaxshisi, tashlab keting.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1