Xorazm viloyati Urganch shahrida aka-ukalar etil spirtidan zaharlanish oqibatida vafot etdi, deb xabar qildi viloyat IIB matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, Urganch shahridagi ko`p qavatli uylarning birida oilasiz, faqat o`zlari istiqomat qilgan aka-ukalar: 1961 yilda tug`ilgan M.Rahimjon va 1963 yilda tug`ilgan I.Muradlarning 2-3 kundan buyon ko`cha-ko`yda ko`rinmay qolganligidan shubhalangan qo`shnilari 2017 yil 17 oktyabr kuni ichki ishlar bo`limiga xabar berishdi.
Hodisa joyiga zudlik bilan etib kelgan tergov-tezkor guruhi a`zolari xonadon eshigini ochib kirishgach, aka-ukani o`z uyida o`lik holda topishgan. Murdalarning tanasida hech qanday jarohat izlari yo`qligi sababli tezkor xodimlarning diqqatini shu erda turgan tibbiyot etil spirtining bo`shagan ikkita plastik idishi tortdi.
O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko`ra, aka-ukalar etil spirtidan zaharlanishi natijasida vafot etishganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






