Joriy yilning 23 avgust kuni Prezidentimizning "O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi PQ-3234-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashining hududiy bo`linmalari tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi 2012 yilning 24 oktyabrida tuzilgan edi. Kengashning faoliyati Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta`minlash, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini amalga oshirish va rivojlantirishga fuqarolar va jamoat birlashmalarini jalb qilish, harbiy kasb nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo`lgan yoshlarning ma`naviy-ahloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini shakllantirish singari ustuvor maqsadlarga xizmat qilmokda.
Bundan tashqari kengash harbiylar va ularning oilalari hamda ota-onalarining murojaatlari bilan ham shug`ullanadi. Murojaatlar bo`yicha muammolarni echishda yaqindan yordam beradi.






