«O`zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi yangi «GM O`zbekiston Alyansi» tashkil etish bo`yicha qaror qabul qildi. Bu O`zbekistonning o`sib borayotgan avtomobil sanoatining talablariga javob beradigan yangi hamkorlik platformasi sanaladi. «O`zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi Chevrolet va Ravon brendlari ostida savdoni rivojlantiradi.
«O`zavtosanoat» AJ va GM kompaniyasi O`zbekiston avtosanoatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan yangi Alyans doirasida hamkorlikdagi faoliyatini amalga oshiradi. «GM O`zbekiston Alyansi» mamlakatimiz avtosanoatini mustaqil ravishda faoliyat yuritishiga o`z hissasini qo`shadi.
«GM O`zbekiston Alyansi» doirasida, «O`zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi O`zbekistonda avtomobillar va dvigatellarini ishlab chiqarish, hamda ichki va tashqi bozorda Chevrolet va Ravon brendlari ostida avtomobil savdosi bo`yicha hamkorlikni davom ettiradi.
2007 yildan buyon «O`zavtosanoat» va GM kompaniyasining o`zaro hamkorligi yurtimizda avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshishini ta`minladi. Hamkorlik doirasida mahalliy etkazib beruvchilar tarmog`ini kengaytirish, mahalliy xodimlarning salohiyatini oshirish, ichki va tashqi bozorlardagi mijozlarga yuqori sifatli avtomobillar etkazib berish bo`yicha keng ko`lamdagi ishlar amalga oshirildi.
«O`zavtosanoat» AJ va GM kompaniyasi fikricha, munosabatlarning yangi shakliga o`tish so`nggi 10 yil davomidagi sohaning rivoji va uning salohiyatini oshganligini aks ettiradi. O`zaro munosabatlarning qo`shma korxona shaklidan «GM O`zbekiston Alyansi» sifatida qayta tuzilishi O`zbekiston milliy avtosanoatining mustaqil ravishda faoliyat yuritishini ta`minlaydi.
Tomonlar yangi turdagi mahsulotlarni o`zlashtirish bo`yicha tasdiqlangan loyihalar ustida ishlashda davom etadi. «GM O`zbekiston Alyansi» doirasida tomonlar shuningdek MDH va yangi bozorlarda eksportni kengaytirish masalalarini o`rganishadi.
Alyans shuningdek, GM kompaniyasining avtomobil texnologiyalari va nou-xaularidan foydalanishni ta`minlaydi.
Alyans doirasida «O`zavtosanoat" AJ avtomobil va dvigatellarni ishlab chiqarish bo`yicha operasion faoliyat, shu jumladan tashqi bozorda GM mahsulotlari uchun Ravon brendini dunyoga tanitish bo`yicha nazoratni to`liq o`z zimmasiga oladi. «O`zavtosanoat» AJ hamkorlikdagi faoliyat fundamenti bo`ladigan Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish va mamlakatimiz ichki bozorida sotishni davom etadi, Ravon brendining tashqi bozorga etkazib berish esa kengaytiriladi.
«Sohaning mustahkamlanayotganini inobatga olgan holda, hozir Alyansga o`tishning ayni vaqti. GM kompaniyasi O`zbekistonda qoladi va mamlakatdagi avtomobil sanoati rivojiga o`z hissasini qo`shishda davom etadi», - deydi "GM Operations Uzbekistan" rahbari janob Xektor Vilyarreal.
Ikki tomon Alyansga o`tish bandlik darajasiga yoki avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish hajmiga ta`sir qilmasligini tasdiqlaydi. GM kompaniyasi O`zbekistonda avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni etkazib berishni, hamda O`zbekiston avtosanoatini konsultativ hamda texnik ko`mak berishga yo`naltirilgan yangi tashkil topayotgan "GM Advisory Services" kompaniyasi orqali qo`llab-quvvatlashda davom etadi.
GM Uzbekistan Jamoatchilik bilan ishlash xizmati