AsosiyJamiyat

​«INTERNATIONAL HOUSE – TASHKENT» AKADEMIK LISEYIDA «SMART CLASS» OChILDI

'​«INTERNATIONAL HOUSE – TASHKENT» AKADEMIK LISEYIDA «SMART CLASS» OChILDI'ning rasmi

Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti huzuridagi «International House – Tashkent» akademik liseyida qator novatorlik texnik ishlanmalarni o`z ichiga olgan «Smart Class» o`quv sinfi ochildi.


Zamonaviy sinfning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirliklari, «Huawei» kompaniyasi vakillari, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, kasb-hunar kollejlari hamda akademik liseylar o`qituvchi va o`quvchilari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov, oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.Majidov, xalq ta`limi vaziri o`rinbosari A.Sa`dullaev, "International House – Tashkent" akademik liseyi direktori A.Tillaev va boshqalar mamlakatimizda dunyo axborot-ta`lim makoniga integrasiyalashgan, zamonaviy texnik imkoniyatlardan samarali foydalanishga yo`naltirilgan zamonaviy ta`lim tizimi shakllantirilayotganini ta`kidladi.

«Smart Class»da qo`llanilayotgan texnologiyalar o`qituvchiga o`quvchilar bilan interaktiv usulda bog`lanish, ularga umumiy va individual vazifalar berish imkonini taqdim etadi. Yangi «aqlli sinf» o`quvchilarning qobiliyatlari va ijodiy salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishga xizmat qiladi. Pedagog o`quvchilar tomonidan topshiriqlar qanday bajarilayotganini real vaqt tartibida bevosita kuzatib borishi mumkin.

Sinf lisey o`qituvchi va o`quvchilariga xorijlik mutaxassislar bilan masofaviy tarzda tajriba almashish imkonini beruvchi videokonferensiya tizimi bilan jihozlangan.

Shuningdek, mashg`ulotlar jarayonida o`quvchilarga barcha zarur ilovalar o`rnatilgan planshetlar taqdim etish rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar