AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON-QOZOG`ISTON: DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O`RNATILGANLIGINING 25 YILLIGI

'​O`ZBEKISTON-QOZOG`ISTON: DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O`RNATILGANLIGINING 25 YILLIGI'ning rasmi

Toshkentda 2017 yil 31 oktyabr kuni “O`zbekiston-Qozog`iston: diplomatik munosabatlar o`rnatilganligining 25 yilligi” mavzuida xalqaro anjuman bo`lib o`tadi, deb xabar beradi O`zA.


O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog`iston strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilayotgan xalqaro anjumanda vazirlik va idoralar, mamlakatimizda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpuslar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, ikki mamlakat nufuzli tahliliy markazlari rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mamlakatlarimiz o`rtasida yaxshi qo`shnichilik munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda. Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning 2017 yil 16-17 sentyabr kunlari mamlakatimizga tashrifi doirasida ikki mamlakat Prezidentlarining Qo`shma bayonoti qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda ikki mamlakat o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligini keng nishonlash ko`zda tutilgandi.

Diplomatik munosabatlar o`rnatilganining yubiley yili tom ma`noda tarixiy bo`ldi va ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Yuksak va yuqori darajalardagi o`zaro tashriflar dinamikasi o`sganligi, keng ko`lamli va o`zaro manfaatli hamkorlikning faollashgani ham shundan dalolat beradi.

Joriy yilda O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari bir necha bor uchrashib, o`zaro hamjihatlik va do`stona munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida kelishib oldilar. Bu uzoq muddatli strategik manfaatlar, ikki davlat oldida turgan vazifalarni hamkorlikda hal etish yo`lidagi sa`y-harakatlar yakdilligining yorqin tasdig`i bo`ldi.

Anjumanning sho``ba yig`ilishlarida siyosat, iqtisod, transport sohalarida hamkorlikning istiqbollari, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarning davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi roli kabi masalalar ochiq va konstruktiv ruhda muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar