Xitoydagi "Xuan Lo" qishlog`ining eng e`tiborli jihati uning ayollari, to`g`rirog`i, ularning noodatiy uzun sochlaridir. Juda uyatchan va o`zini ko`z-ko`z qilishni istamaydigan bu ayollar yaqinda o`zlarining noodatiy uzun sochlari parvarishi sirini oshkor etishdi.
Mittigina qishloqda bor-yo`g`i yuzga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qishloqcha Xitoyning janubidagi tog`lar bag`rida joylashgan bo`lib, aynan sochi uzunlik an`anasini juda qadrlashadi.Zamonaviy turmaklar ular uchun emas.
Uzoq asrlardan beri bu qishloq ayollarining sochi shunchaki uzun emas, balki juda uzun — kamida bir yarim metr. Ayrim ayollarniki esa hatto ikki metrdan ham uzun. Mazkur qishloq ahli orasida sochning uzunligi ayolning baxtidan dalolat, degan tushuncha bor.
Qishloq ayollari uchun sochni hayoti davomida bir marta — faqat 18 yoshda qirqish mumkinligi qat`iy tartib qilib belgilangan. O`sha vaqtdan keyin qizlar turmushga chiqquniga qadar boshida shapka kiyib yurishga majbur. Kesilgan sochlar esa momolar tomonidan asralib, qizning nikoh to`yida qaytarib beriladi.
Ilgari bu qishloq ayollarining soch turmaklashini faqat turmush o`rtoqlarigina ko`rardi. Bugungi kunda esa ular tez-tez ommaga namoyon etishyapti. Sayyohlar ham bu qishloqqa aynan ayollarning sochini ko`rishga va uni parvarish qilish sirini bilishga qiziqib tashrif buyurishmoqda.