Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida mamlakatimizda metrosozlik istiqbollari muhokama qilindi, deya ma`lum qildi O`zA.
«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o`rinbosari, «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi boshlig`i Oybek Xudoyqulov, «Ko`prik qurilish tresti» unitar korxonasi boshqaruvchisi Zafar Mahamatov, yangi qurilayotgan metro loyihasi bosh muhandisi Eduard Kim poytaxtimiz metropoliteni yangiliklari, yangi metro liniyasi qurilishi haqida ma`lumot berdi.
O`tgan yili Sergeli tumanida uzunligi 7 kilometrdan ziyod metro qurilishi, Toshkent metropolitenining Yunusobod yo`nalishida esa qo`shimcha 3 bekatdan iborat er osti metro yo`lini barpo etish ishlari boshlangan edi. Ayni kunlarda mazkur ob`ektlarda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida er usti xalqa metro liniyasini barpo etish ishlari bilan tanishdi. Yangi loyihani samarali va sifatli amalga oshirish, xususan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida qurilish ishlarini 2020 yilgacha to`liq topshirish bo`yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
Mutasaddilarning ma`lum qilishicha, mazkur yirik qurilish loyihasi rejasi «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Yo`nalishning 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o`tkaziladi. Uning 1,6 kilometri esa er ustida quriladi. E`tiborlisi, qurilish jarayonida birorta ham inshoot, uy-joy buzilmaydi.
Qurilish besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining «Do`stlik» bekatidan Qo`yliq bozorigacha bo`lgan 8 bekatdan iborat qismi quriladi. Keyingi bosqichlarda u «Olmazor», «Beruniy» hamda «Bodomzor» bekatlari bilan tutashtirilib, yaxlit metro xalqasi barpo etiladi. Loyihaga ko`ra, mazkur metro yo`li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o`tadi.
Shu kunlarda temir-beton ustunlarni quyish ishlari bajarilmoqda. Ularning ustiga eni salkam 11 metrlik moslamalar o`rnatilib, «po`lat izlar» yotqizilgach, poezdlar bir vaqtning o`zida qarama-qarshi yo`nalishlarda harakatlanadi. E`tiborli yana bir jihat: qurilishda to`liq o`zimizda ishlab chiqarilayotgan materiallardan foydalanilmoqda. Yurtimizning eng tajribali muhandislari, mutaxassislar, quruvchilardan iborat katta bunyodkorlik jamoasi tinimsiz mehnat qilmoqda.
Xalqaro press-klub sessiyasida mutaxassislar qurilishni o`z vaqtida yakuniga etkazish uchun barcha sharoit mavjud ekanini alohida ta`kidladi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.






