— Yoshim 60 da. Sakkiz yil avval menga koksartroz tashxisi qo`yildi. Shifokorlar aytganidek davolandim, sihatgohlarda ham bo`ldi, hozir ham kerakli dori-darmonlarni kanda qilmayman. Ammo yaqindan boshlab, ikkinchi oyog`imda ham og`riq paydo bo`lgandek. Surishtirsam, son bo`g`imining emirilishini operativ yo`l bilan davolash kerak ekan, shu haqida ma`lumot bersangiz. Nahot kasallikning mutloq davosi bo`lmasa?!
Rayhona opa, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog` tumani
Sunatilla YO`LChIEV, sport shifokori:
— Koksartroz muolajasi haqida gapirishdan oldin xastalikni keltirib chiqaruvchi omillarga to`xtalib o`tsak. Ko`p hollarda bu qon aylanishining buzilishi, jarohatlar, bo`g`im chiqishlari, gormonal holatning o`zgarishi bilan izohlanadi. Koksartroz yuzaga kelgan bo`lsa, harakat vaqti og`riq qo`zg`alishi, o`z vaqtida davolanilmaganida esa mushaklar atrofiyasi yuzaga kelishi mumkin. Oyoq bo`g`imlarining ustki qismi tog`ay bilan qoplangan. Ana shu tog`ayda emirilishning sodir bo`lishi artroz, koksartroz va osteoartrozga etaklaydi.
Emirilish darajasiga qarab tanlangan muolaja har bir bemor uchun individual bo`lib, qancha muddat davom etishi shifokor tomonidan belgilanadi. Ikkinchi oyoqdagi og`riqlar aynan koksartrozga tegishlimi yoki yo`q, buni aniqlashdatos sohasining multispiral tomografiya tekshiruvi o`tkazilishi kerak. Tahlil aniq natijalarni bergach, shunga ko`ra davo choralari olib boriladi. Konservativ yo`l bilan muolaja olingan bo`lsa, operativ choralarning qo`llanilishi tibbiy tahlil xulosasiga asoslanib hal etiladi. Agar emirilish darajasi yuqori bo`lib, xastalik rivojlanayotgani ma`lum bo`lsa, jarrohlik amaliyoti bajarilishi mumkin.






