«Barselona» klubining afsonaviy sobiq himoyachisi, Ispaniya terma jamoasi tarkibida Evropa va Jahon chempioni bo`lgan Karles Puyol 9 noyabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi.
O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov shu yilning sentyabr oyida Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashgandi.
Uchrashuv davomida O`zbekiston delegasiyasi futbol targ`ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va buguni kun "yulduz"larini O`zbekistondagi yosh futbolchilarga mahorat darsi o`tib berishi uchun taklif qilishda amaliy yordam so`ragandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino o`z navbatida jahon futboli yulduzlarini O`zbekistonga yuborishda amaliy yordam berishni va`da qilgandi.
Karles Puyol tashrifi davomida O`zbekistondagi futbol akademiyalari va bolalar futbol maktablari bilan yaqindan tanishadi hamda u erda futbol sir-asrorlarini o`rganayotgan yosh futbolchilar uchun mahorat darslari o`tib berishi kutilmoqda.
Shuningdek, Jahon futboli afsonasi o`zbek futboli bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy liga 28-tur doirasida bo`lib o`tadigan «Paxtakor» va «Olmaliq» jamoalari o`rtasidagi o`yinni ham bevosita «Paxtakor» stadionidan turib tomosha qilib borishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, Karles Puyol 2008 yilda ham O`zbekistonga kelgandi.






