1

XOLESTERININGIZ YuQORIMI?

Salomatlik 03.11.2017, 11:02
XOLESTERININGIZ YuQORIMI?

Qon tahlilini topshirsam, har gal shifokordan bir gapni eshitaman: «Qoningizda xolesterin miqdori oshgan». Nima qilsam, bu ko`rsatkich me`yorlashadi? Xolesterinni tushiruvchi biron mahsulot bormi?

Nazokat aya TO`XTAEVA, Namangan viloyati

U O`ZI NIMA?

Ko`rinishi asalari mumiga o`xshash bu modda bizning yashashimiz uchun zarur. O`zingiz o`ylab ko`ring: bosh miya, asab tolalari, hujayralar qobig`i aynan xolesterin moddasidan tashkil topgan. Xolesterindan gormonlar, ayniqsa, erkaklik gormoni testosteron hosil bo`ladi. Binobarin, u kamaysa, erkaklar yaqinlikdan bosh tortadi, ayollarda esa hayz to`xtaydi. Xolesterin darajasi tanada past bo`lsa, odam depressiyaga moyil bo`lib, o`zini asrashga urinmaydi. Qon orqali xolesterin butun organizmga tarqaladi. Ammo uning me`yori oshsa, ateroskleroz, qon bosimining ko`tarilishi, yurak va jigar kasalliklarini qarshi olavering. Xalq orasida yaxshi va yomon xolesterin haqida gap yuradi. Lekin bu moddaning 80 foizini jigarimiz ishlab chiqishini inobatga olsak, aslida gap xolesterinning oshishida emas, uni nima oshirishida ekanligi ma`lum bo`ladi.

NIMA FOYDAYu NIMA ZARAR?

Mayonez, ketchup, kolbasa, dumba va charvi yog`i, chips, qotirilgan non (kirieshka), yarim tayyor mahsulotlar, ayniqsa, ko`cha pishiriqlari, fast-fud taomlari ushbu moddaga nihoyatda boy sanaladi. Ularning ta`sirida qondagi xolesterin darajasi ko`tarilishi mumkin. Bu degani ularni qancha kam esangiz, noxush kasalliklarga chalinish xavfi shuncha kamayadi. Ammo xolesterin inson uchun kerakli ekanini ham aytib o`tdik. U ham biz uchun quvvat manbai hisoblanadi. Yaxshi xolesterinni sut mahsulotlari, ayniqsa sariyog` va sutdan, tuxum, mol go`shti va baliqdan topasiz. Bu mahsulotlarni me`yorda iste`mol qilishingiz, kayfiyatni ko`taradi, harakat paytida kerakli quvvat bilan ta`minlaydi. Asosiysi, ovqatlanishda uglevodga boy mahsulotlarni ko`paytirmaslik kerak. Bu degani xamirli ovqatlar va pishiriqlar, kartoshka iste`molida me`yorga e`tibor beriladi.

NEGA XOLESTERIN OShADI?

Xolesternining oshishi har doim ham ovqatlanish tarziga bog`liq emas. Ba`zi kasalliklar hisobiga kerakli moddaning miqdori oshishi mumkin. Uning natijasida esa qon tomirlarni yog`li tiqimlar qoplashi, qon tomirlar o`tkazuvchanligi yo`qolib, qon quyuqlashishi, yurak zo`riqib ishlashi mumkin. Misol uchun, buqoq kasali bilan og`rigan kishilar qonida xolesterin yuqori bo`ladi. Semizlik, klimaks davri, irsiy kasalliklar, qandli diabet, buyrak, yurak va jigar kasalliklarida ham xuddi shu holat. Hatto, ba`zi gormonal vositalar ham xolesterin darajasini ko`tarishga qodir.

QAChON TAHLIL TOPShIRAMIZ?

Keyingi paytlarda xafaqon, yurak infarkti va insult kasalliklarining «yosharib» borishi qayd etilmoqda. Buning oldini olish uchun 25 yoshdan keyin har olti oyda qonda xolesterin darajasini aniqlovchi tahlil topshirish kerak. Me`yordagi xolesterin darajasi 5,1 ni tashkil etadi. 6,2 dan baland raqamlar xolesterin ko`tarilganidan darakdir.

ChORASI BOR!

Birinchi galda tibbiy tekshiruvdan o`tib, xolesterin darajasining oshishiga nimalar sababchi ekanligini aniqlang. Gap buqoqda bo`lsa, davo choralarini boshlang, bir oydan keyin tahilllar xolesterin darajasining pasayganini ko`rsatadi. Bunga qo`shimcha ravishda haftasiga 3-4 marta biror bir sport turi bilan shug`ullanish yoki har kuni 2 km piyoda yurish kerak.

XOLESTERINNI ME`YoRGA KELTIRUVChI MAHSULOTLAR

Ko`katlardan – seldir va kashnich, ismaloq.

Go`sht mahsulotlari – parranda go`shti, baliq

Chaq-chuqlar – yong`oq va bodom.

Mevalar – olma, anor, nok, qulupnay,uzum, sitruslilar;

Sabzavotlardan – lavlagi va qizil sabzi

Dorivor o`simliklardan – mavrak, bo`ymodaron, arslonquyruq va ko`k choy;

*Britaniyalik olimlar qiziq tadqiqotga qo`l urdilar. Uning natijasida nonushtaga yormali bo`tqa, har 3-4 soatda meva-sabazvotli salat, chaq-chuqlar, baliq yoki parranda go`shti bilan oziqlanib, non va xamirli mahsulotlarni cheklagan odamda xolesterin miqdori me`yorga kelar ekan.

*Aytishadiki, sariyog`, tuxum va go`sht mahsulotlari ko`p iste`mol qilinsa, qonda xolesterin miqdori ko`payadi. Ammo shu mahsulotlarni iste`mol qilmasangiz jigar xolesterinni yanada ko`p ishlab chiqara boshlaydi. Xulosa shuki, hamma narsani me`yorda iste`mol qilgani yaxshi. Asosiysi, ko`proq harakatda bo`lib, kun davomida to`g`ri ovqatlanish va zararli ko`nikmalardan voz kechishga qaratilishi shart.

Barno tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1