AsosiyRekord

Chempionlik bobida rekord o`rnatgan bobo

'Chempionlik bobida rekord o`rnatgan bobo'ning rasmi

G`ayrat, shijoat, iste`dod yosh tanlamaydi, deyishadi. Gohida nuroniy yoshdagi otaxon va onaxonlarning shijoati, bardamligi, intilishlarini ko`rib tahsin aytasiz. Buxorolik Nurmuhammad ota Yusupov ham vujudini yoshlik kuch-qudrati tark etmagan otaxonlardan biri.

U kishi bu yil 71 yoshni qarshi oldilar. Shu paytga qadar milliy kurash, dzyudo, sambo bo`yicha bir necha marta jahon chempioni bo`lganlar. Buni ham o`ziga xos rekord natija deyish mumkin.

Nurmuhammad ota 1945 yilda Buxoro viloyatining Qorako`l tumanida tavallud topgan. Bolaligidan kurashga mehr qo`ygan. Ana shu mehr tufayli avval Buxoroda, keyin butun mamlakatdagi eng mashhur polvonlar qatoridan joy olgan. Keyinchalik qo`shni respublikalarda ham o`zidan 3-4 baravar og`ir vaznli polvonlarni ham yiqitib, Nur polvon deya nom chiqargan.

Nurmuhammad Yusupov o`rta maktabni bitirib avval Toshkentdagi Shreder nomidagi bog`dorchilik akademiyasida, keyin O`zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olgan. O`zbekistonda ilk bor, birinchi kursligidayoq sobiq ittifoq miqyosidagi sport ustasi unvonini qo`lga kiritgan.

Nurmuhammad ota mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin ham kurashni tark etmadi. Nuroniylar o`rtasida o`tkazilgan kurash musobaqalarida 6 marotaba mamlakat chempioni unvonini qo`lga kiritdi. Ma`lumotlarga qaraganda, Nurmuhammad ota shu paytga qadar minglab marotaba gilamga tushgan bo`lsa, hali hech bir raqib uning kuragini erga tekkiza olmagan.

— Ko`pchilik mendan yoshimni so`rashadi, — deydi Nurmuhammad ota tabassum bilan. — Negadir 71 yoshdaman deya olmayman. Hamisha 25 yoshdaman, deb aytaman. Rostdan ham shunday. Chunki men yurtimiz istiqlolga erishgan kun yangidan tug`ilganman. Shu bois o`zimni navqiron istiqlol bilan tengdosh, deb bilaman.

Nurmuhammad otaning gapida jon bor. Chunki uning xatti-harakatini uncha-buncha yosh yigit takrorlay olmaydi. Masalan, u 100-110 kilogrammlik shtangani hech qiynalmay ko`tara oladi. Turnikda 35 martagacha bemalol tortila oladi. Turnikda siltanib tortilish mashqini esa o`n marta bemalol bajara oladi.

Ayni paytda Nurmuhammad ota to`rt o`g`il, bir qizning otasi, 17 nafar nabiraning bobosi. Bugun uning farzandlari turli nufuzli idoralarda ishlash barobarida sport bilan muntazam shug`ullanishadi. Nabiralari “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” singari tizimli musobaqalarda faol qatnashib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar