Bobur Azimov ayni paytda oilasi bilan Rossiyada yashaydi. O`t o`chirish xizmatida ishlaydi. U zamonaviy tilda aytganda xichxayker — avtostop usulida dunyo kezishga ishqiboz. Ya`ni yo`l-yo`lakay uchragan avtomashinalarga chiqib, turli shaharlar va davlatlarda bo`lishni yoqtiradi.
— Menana shu usulda Armaniston, Gruziya, Moldova, Belarus, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya va Serbiyada bo`ldim, — deydi Bobur Azimov. — Men bu sayohatim davomida qimmatbaho mehmonxonalarda tunab, samolyotlarning biznes-klass salonida uchmayman. Shu bois bu sayohatlar menga juda arzonga tushadi. Masalan, Turkiyaga bir oylik sayohatim menga atigi 100 dollarga tushgan. Hozir Rossiya bo`ylab sayohat qilyapman. Cho`ntagimda 10 ming rubl bilan chiqqanman. Hali pulimning teng yarmi yonimda turibdi.
U kelgusi ana shu usulda butun dunyoni kezib chiqishni orzu qiladi. Sayohat insonni o`ziga nisbatan ishonchini oshirishiga, dunyoqarashni kengaytirishiga, ham jismonan, ham ma`naviy jihatdan kamolga etishiga ishonadi.