1

​TADBIRKOR QAChONGAChA SARGARDON BO`LADI?

Erkin minbar 07.11.2017, 14:01
​TADBIRKOR QAChONGAChA SARGARDON BO`LADI?

Jurnalist, “XXI asr” gazetasining Sirdaryo viloyati muxbiri Anorboy NORQULOV bir murojaat misolida bu savolga javob topishga harakat qiladi.

“Abdusamatbek nur savdo” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdurashid Mo`minov bir necha oydirki, turli ko`rinishdagi sun`iy to`siqlarga uchrab, Yangier kichik sanoat zonasi hududida o`z faoliyatini yo`lga qo`ya olmay ovorai sarson bo`lmoqda...

Mamlakatimiz Prezidenti yaqinda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi tahliliga bag`ishlangan yig`ilishda bunday sanoat zonalari qatnashchilari bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlariga er uchastkalari ajratish masalalarini hal etishda hanuzgacha byurokratizm asoratlari saqlanib qolinayotganini qattiq tanqid qilgan edi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 martdagi qaroriga asosan Yangier kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ushbu hududda joylashgan “O`zavtoyo`l” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Yangieryo`lindustriya” davlat unitar korxonasi balansida bo`lgan 5 ta bino va inshootlar shu yil 13 apreldagi 17-04/613-sonli ijara shartnomasiga asosan “Abdusamatbek nur savdo” MChJ bir yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan. Jami qiymati 2,3 million AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirish uchun ushbu hududdagi 5 ta bino-inshoot va muzlatgich qurish uchun va yana 2 ta bino inshoot, issiqxona tashkil etish uchun esa uch gektar maydon “Abdusamatbek nur savdo”

MChJga balansiga tegishli tartibda ajratilishi lozim edi. Ammo oradan sakkiz oyga yaqin vaqt o`tibdiki, ushbu ishlar turli bahonalar bilan paysalga solinyapti. MChJ rahbari ushbu masala echimida ko`mak so`rab Sirdaryo viloyati hokimligiga, Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasiga, “O`zbekiston temir yo`llar” aksiyadorlik jamiyati kompaniyasi va bir qator tashkilotlarga yozma ravishda murojaat etgan bo`lsa-da, unga qonuniy tarzda amaliy yordam ko`rsatilmadi. Bu yozishmalardan natija chiqmagach, tadbirkorning hafsalasi pir bo`ldi va Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasiga murojaat etdi.

Murojaatni batafsil o`rganish maqsadida Yangier kichik sanoat zonasi tomon yo`l oldik va vaziyat bilan yaqindan tanishdik. Bizning e`tiborimizni tortgan dastlabki manzara shu bo`ldiki, Yangier kichik sanoat zonasi hududida “Abdusamatbek nur savdo” MChJ tomonidan foydalanilayotgan bino-inshootlar “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati balansidagi temir-beton va murakkab metall chiqarish maqsadida berilayotgan bino-inshootlardan alohida hududda joylashgan ekan. MChJga ajratilgan bino-inshooot va uch gektarlik er maydonini temir-beton va murakkab metall konstruksiyalarini ishlab chiqaruvchi korxona o`rtasidan o`tgan yo`l ajratib turibdi. MChJ rahbari Abdurashid Mo`minov hamrohligida ushbu tadbirkorlik sub`ektiga ajratilgan bino-inshootlar va er maydonlarining ahvolini kuzatdik. Hududdagi bino-inshootlar butunlay xaroba ahvolga kelib qolgan. Binolar talon-taroj qilingan. Er maydonlarini esa qarovsizlikdan qalin qamish va yovvoyi o`tlar bosib ketgan. Aslida Abdurashid Mo`minovning katta niyatlar bilan ushbu tashlandiq, vayrona holatdagi binolarni obod etib, uni go`zal maskanga aylantirishga qat`iy bel bog`laganiga tasanno aytish joiz. Tadbirkor o`z reja-maqsadlari haqida to`lqinlanib so`zlaydi:

– Yangier kichik sanoat zonasi hududida 5 ta istiqbolli loyihani amalga oshirmoqchiman. Jumladan, logistika markazi, zamonaviy go`shtni qayta ishlash sexi, umumiy hajmi ming tonna bo`lgan meva-sabzavot saqlovchi muzlatgich, polietilen, polipropilen, shpagat ishlab chiqaruvchi kichik zavod, 3 gektar maydonda esa Koreya uslubidagi issiqxona bunyod etib, mahalliy yoshlardan 50 nafarini doimiy ish bilan ta`minlashga ahd qilganman.

Uning ta`kidlashicha, ushbu loyihani 2018 yilning birinchi choragida amalga oshirish belgilangan. Mamlakatimiz Prezidenti joriy yil 17 may kuni Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Yangier kichik sanoat zonasida bo`lib, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o`rinlarini yaratish yuzasidan zarur tavsiyalarini bergan edi. Davlatimiz rahbari o`shanda “Abdusamatbek nur savdo” MChJ rahbari Abdurashid Mo`minovning ishlari bilan yaqindan tanishib, unga ushbu loyihalarini ishga tushirish muddatini 30 foizga qisqartirish yuzasidan yuzasidan mas`ullarga topshiriq bergandi. Bir dunyo orzularni diliga tukkan ishbilarmon ishchanlik ruhida loyihalarni qisqa fursatlarda amalga oshirishga kirishdi. Afsuski ahvol mana bunday.

A. Mo`minov ushbu bo`sh yotgan bino va inshootlarni er maydonlari bilan birgalikda investisiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda sotib olishda amaliy yordam so`rab, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatiga 2017 yilning 25 sentyabr kuni xat bilan murojaat qiladi. Ammo uning bu murojaati ham echim topmaydi.

Bugun mamlakatimizda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish bo`yicha yaratilgan yangi tizim, ya`ni bo`sh turgan binolarni investisiya kiritish majburiyati bilan “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga sotish amaliyoti o`zini to`liq oqlayapti. Negaki, bu xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish bilan birga, ishlab chiqarishga ilg`or texnologiyalarni jalb qilish hisobiga raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar tayyorlash va yangidan-yangi ish o`rinlari yaratish imkonini beradi. Prezidentimizning 2017 yil 17 yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki ob`ektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu boradagi islohotlarga keng qanot bag`ishladi. Tadbirkorlarimizda yangicha kayfiyat uyg`ondi, ularning imkoniyatlari kengaydi.

Shu o`rinda haqli savol tug`iladi: xo`sh, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati “Abdusamatbek nur savdo” MChJning yozma murojaatini o`rganib, hududdagi bo`sh yotgan bino, inshoot va er maydonlarini “nol” qiymatda uning balansiga o`tkazib berishni nega asossiz ravishda cho`zib kelmoqda? Holbuki, Abdurashid Mo`minovning yozma murojaatiga asosan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi shu yilning 25 sentyabrida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati kompaniyasi bosh­qaruvi raisining birinchi o`rinbosari Akbar Shukurovga xat yuborgan edi. Bu xatga 10 oktyabr sanasida kompaniya menedjeri, bosh menenjer- bosh muhandis X.Xasilov imzosi bilan javob keldi. Unda “Yangier­yo`lindustriya” davlat unitar korxonasiga tegishli bo`sh va ta`mirtalab bo`lgan bino va inshootlarning er hududlari bilan birgalikda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga o`tkazilgan va uning negizida temir-beton va murakkab metall konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi korxona barpo etilishi belgilab qo`yilgan” deya ma`lumot berilgan, xolos. Ushbu javob, aytish mumkinki, quruq rasmiyatchilikdan bosh­qa narsa emas.

Endi yana bir qiziq holatga e`tibor bering: O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi nomiga yuqoridagi kabi mazmunda yo`llangan murojaatga qo`mita raisi o`rinbosari D. Yunusov imzosi bilan 5 oktyabrda yuborilgan xatdagi javobning so`nggi jumlasini o`qing-chi: “Yangiyo`lindustriya” UKning mol-mulklari belgilangan tartibda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan belgilangan tartibda qabul qilib olinganidan so`ng, murojaatingizda keltirilgan bino-inshootlarni ijaraga olib foydalanish yoki sotib olish yuzasidan jamiyatga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiqligi bildiriladi”.

Bu xatniyam qanday izohlashni bilmadik.

Xullas, tadbirkorning asosli murojaati yana boshi berk ko`chaga kirib qoldi. U endi qaerga, kimga murojaat etishi mumkin?

– Bino va inshootlar bizning balansimizga o`tkazib berilishi cho`zilib ketayotgani oqibatida loyihalarni amalga oshirish ham o`z-o`zidan kechikyapti, – deydi biz bilan suhbatda Abdurashid Mo`minov. – Balansda saqlovchining rozilik xati berilmagani sababli biz “Xalq banki”ning Yangier filialiga kredit mablag`lari olish bo`yicha zarur hujjatlarni taqdim etolmayapmiz. Loyihalarni amalga oshirish maqsadida Polsha, turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ygan. Bunday ahvolda men istiqbolli loyihalarni qachon amalga oshiraman? Ovoragarchiliklarimga qachon chek qo`yiladi?

Davlatimiz rahbari yuqorida qayd etilgan yig`ilishda me`yoriy-huquqiy bazani qayta ko`rib chiqish, bugungi zamon talablariga moslashtirish va er uchastkalari, bo`sh turgan binolarni ajratish tartibini soddalashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratdi. Yig`ilishda bildirilgan haqli e`tirozlardan mutasaddi tashkilot rahbarlari tegishli xulosa chiqarib olmog`i lozim. Zero, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida faoliyat boshlamoqchi bo`lgan Abdurashid Mo`minov kabi o`nlab tadbirkorlarning sarson bo`lishi, byurokratik to`siqlar tufayli oylab vaqtini behuda o`tkazishi faqat va faqat taraqqiyotimiz yo`lida tushov bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1