AsosiyShou-biznes

Bahrom Nazarov muxlislarini intizorlik bilan kutmoqda

'Bahrom Nazarov muxlislarini intizorlik bilan kutmoqda'ning rasmi

6 noyabr kuni Milliy matbuot markazida xonanda Bahrom Nazarovning yangi “Intizor” deb nomlangan konsert dasturi oldidan matbuot anjumani o`tkazildi. Unda xonanda va tashkilotchilar konsert yangiliklari bilan o`rtoqlashdi.

Tashkilotchilarning so`zlariga ko`ra, bu yilgi konsert repertuari rang-barang, unda jami 20 ta qo`shiq ijro etiladi, ularning 10 tasi yangi qo`shiqlardir. Shuningdek, konsertda qiziqchilar Shukrullo Isroilov hamda “Gap yo`q” triosi ishtirok etadi.

Xonanda Bahrom Nazarov yangi konsertida jonli ijro bo`lish bo`lmasligiga aniqlik kiritdi.

“Jonli ijroga hali 100 foiz tayyor emasman. Chunki unga juda katta tajriba kerak. To`ylarda 400 ta odam sizni tinglasa-da, boshqa ishlar bilan ham mashg`ul bo`ladi, konsertda esa 4 000 ta odamning ko`zi sizda bo`ladi. Buning mas`uliyati ham katta, unda ham ovozingiz, ham muxlislar bilan ishlash kerak. Lekin navbatdagi konsertlarimni jonli ijroda o`tkazish niyatim bor, albatta”, - dedi Bahrom Nazarov.

Xonandaning ushbu fikriga jurnalistlar tomonidan qarshi fikrlar ham bildirildi. Jumladan, “jonli ijroga tayyor emasman” deyish noto`g`ri ekani, kamchiliklari bilan bo`lsa-da, baribir jonli kuylashga harakat qilish kerakligi aytildi. San`atkorlar jonli ijro targ`ibotini kuchaytirsa, eshituvchilarda ham unga ko`nikma hosil bo`lardi, fonogramma san`atkorni dangasa qilib qo`yadi, degan fikrlar ham bildirildi.

Matbuot anjumanida san`atkorlarimiz orasida jurnalistlar bilan hisoblashadiganlar sanoqli ekani, shulardan biri Bahrom Nazarovligi alohida qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar